O‘zbekiston BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishda hamkorlik qilish, kadrlar tayyorlash va soha mutaxassislari malakasini oshirish, Buyuk ipak yo‘lida sayyohlikni omma orasida targ‘ib qilish to‘g‘risida bitim imzoladi. Bu haqda UzDaily.uz xabar bermoqda.
Mazkur hujjat Jahon sayyohlik tashkilotining 2—3-oktabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan 99-sessiyasi doirasida imzolandi. Sessiya “Buyuk ipak yo‘li — xalqaro sayyohlikni rivojlantirishning yangi istiqbollari” mavzusiga bag‘ishlandi.
Sessiya ishtirokchilari jahon sayyohlik bozorining bugungi holati va istiqbollari, sohaning yangi yo‘nalishlari, shuningdek, uning rivoji bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.
Sessiyaning yalpi majlisida Buyuk ipak yo‘li — xalqaro sayyohlikni rivojlantirishning yangi istiqbollari, sohada kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish, mintaqaviy rivojlanish va integratsiyani rag‘batlantirishda sayyohlik marshrutlarining roli, xalqaro turizmning bugungi holati va istiqbollari kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi va muhokama qilindi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonga sayyohlarni yanada kengroq jalb qilish bo‘yicha chet ellik mutaxassislar bilan o‘zaro fikr va tajriba almashilib, bu boradagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va sohaga yangi sarmoyalar jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Sessiya ishtirokchilari tomonidan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi qarorlari loyihasi tasdiqlandi.
Izoh (0)