Toshkentda 7-Xalqaro fotobiyennale doirasida 5 yoshdan 78 yoshgacha bo‘lgan zamondoshlarning portretlari jamlangan “Ilhombaxsh hayot” nomli eksklyuziv fotoko‘rgazma tashkil etiladi. Bu haqda ko‘rgazma tashkilotchilari “Kun”ga ma’lum qildi.
Fotoko‘rgazma sport bilan shug‘ullanayotgan istalgan yosh, maqom, kasb va qiziqishdagi insonlarning har taraflama go‘zalligini namoyish etib, faol turmush tarzi falsafasini o‘zida aks ettiradi. Ko‘rgazma keng jamoatchilik uchun uchun 9—20-oktabr kunlari “Darxon” biznes-markazida bo‘lib o‘tadi.
Loyiha ko‘plab mashhur va faol shaxslarni jamoatchilik uchun noma’lum bo‘lgan jihatdan namoyish etadi. Yoga bilan shug‘ullanayotgan mashhur xonanda ayol, arm-restlingda kuch sinashayotgan mashhur teleboshlovchilar, og‘ir atletikaga qiziquvchi biznesmen, gimnastika borasidagi ko‘nikmalarini har kuni oshirib boradigan besh yoshli qizaloq — bu ko‘rgazmada taqdim etiladigan ko‘plab obrazlarning bir qismi, xolos.
Ko‘rgazma mualliflari — Muhiddin Ali va Dinara D. ijodiy juftligi inson tanasi imkoniyatlarini kadrga muhrlashga intilgan. Ayni vaqtda, bunda professional sportchilar emas, balki o‘z hayotini sport bilan bir muvozanatga qo‘yish uchun vaqt topa olgan turfa insonlar tanlab olingan. Ularning portretlaridan shunday g‘oya kelib chiqadi: qaysi yoshda bo‘lishiga qaramasdan, sport insonni yashash va ijod qilishga, eng yaxshi narsalarga intilishga va ham jismoniy, ham ma’nan kuchli bo‘lishga ilhomlantiradi.
Portretlardagi insonlarning har biri uchun sport — bu o‘ziga xos individual ahamiyatga ega bo‘lgan bir falsafadir. Ularning fotosuratlari kishini atletik yutuqlarga erishishga undaydi. Mamlakatda sog‘lom turmush tarzi olib borishga katta ahamiyat berilayotgani, shuningdek, jamiyatda “sport modasi” kuzatilayotganidan kelib chiqib, ko‘rgazma sport qanday qilib hayotni, insonni o‘zgartirishi mumkinligi, imkoniyatlarni kengaytirishini namoyish etadi.
Ko‘rgazma suratlarini olish ishlari Toshkentdagi Ozone fitnes-klubida, shuningdek, ochiq osmon ostidagi stadion va sport majmualarida olib borilgan. Ko‘rgazmaning ochilishi marosimida “Darxon” biznes markazi, La Saveur restorani va Yasmina Tour sayyohlik kompaniyasi homiylik ko‘magini ko‘rsatadi.
2014-yilgi Toshkent Xalqaro fotobiyennalesi 6-12-oktabr kunlari Toshkent va Buxoroning barcha galereya va ko‘rgazma maydonchalarida o‘tkaziladi. Loyiha doirasida xalqaro ko‘rgazmalar va “Sog‘lom bola yili”ga bag‘ishlab “Bolalik hududi” nomli xalqaro tanlovlar o‘tkazish, ijodiy muhokamalar va mahorat darslarini tashkil qilish ko‘zda tutilgan.
Loyihada ishtirok etish uchun O‘zbekistonga 50 ga yaqin nufuzli xalqaro fotosuratchilar, kuratorlar, san’at, madaniyat olami vakillari, san’atshunoslar va sharhlovchilar tashrif buyuradi. Ular orasida Antonio Mora (Ispaniya), Frank Rodel (Germaniya), Tim Flak (Buyuk Britaniya), Emmanuel Kosmo (Italiya), Iv Foreste (Fransiya) va boshqa shu kabi zamonaviy fotografiya afsonalari ham bo‘ladi.
Toshkent Xalqaro fotobiyennalesi Toshkent shahar hokimligi hamda O‘zbekistonning qator vazirlik va idoralari ko‘magi bilan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Toshkent Fotosuratlar uyi, Tasviriy san’at galereyasi, Bonum Factum galereyasi tomondan tashkil etilmoqda.
Izoh (0)