Kimlargadir iPhone 6 smartfonlarining buklanishi ko‘rsatilgan videoni YouTube’da tomosha qilishning o‘zi yetmaydi. Ular so‘nggi kuchlarini sarflab bo‘lsa-da, 5,5 dyuym displeyli iPhone 6 smartfonini o‘z qo‘llari bilan buklab, katta kulguga sabab bo‘lishni istashadi.
Avvalroq iPhone 6 smartfonlarini oson buklanishini ko‘rsatganlar o‘z pullariga ushbu smartfonni sotib olib, keyin uning ustida tajriba o‘tkazgan bo‘lsalar, ikki 15 yoshli maktab o‘quvchisi esa Apple do‘konida Apple mulkini buzishga urinishdi. Bu haqda The Verge ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
Danni va Kayli ismli bu 15 yoshli yigitlar Apple do‘koniga kirib, iPhone 6 Plus smartfonini hali xarid qilmasdan turib, uning bukilishini isbotlamoqchi bo‘lishdi.
Ular avvaliga do‘kondagi Apple xodimlaridan biri bilan suhbatlashib, rostdan ham iPhone 6 smartfonlari oson buklanishi haqida so‘rashadi. Apple xodimi esa, agar ushbu smartfonlar bilan ortiqcha harakatlar bajarilmasa, unga hech narsa qilmaydi, deydi.
Bolalar esa bunga ham qaramasdan, iPhone 6 Plus’ni baribir buklashga urinishdi. Buning uchun ancha vaqt va kuch sarflab, nihoyat o‘z maqsadlariga erishishdi. Buklangan iPhone 6’ni do‘konda qoldirib o‘zlari qochib ketishdi.
Videoni olganlardan biri — Kaylining aytishicha, ular o‘zlari buklagan iPhone 6’ga pul to‘lashlariga to‘g‘ri kelmasligi uchun do‘kondan darhol qochib qolishlari kerak edi.
Ular videoni YouTube’ga joylab, “agar buni kulguli deb hisoblasangiz, Like bosing”, deb yozishgan. Balki, bu video rostdan ham kulgulidir, ammo Apple va uning huquqshunoslari buni kulguli deb hisoblashmaydi-da. Bolalar qilmishi sabab jinoiy javobgarlikka tortilsa, bu ularning ota-onalari uchun ham kulguli bo‘lmasa kerak.
Kayli videoda, u do‘sti bilan qilgan ishi jinoiy javobgarlikka tortiladigan zarar yetkazish bo‘lishi mumkinligi, ammo smartfonning bunday ishlab chiqarilishi Apple’ning xatosi ekanligini ta’kidlagan.
Aslida bunday emas, chunki iPhone 6’ning buklanishi haqidagi video Apple’ni masxara qilish uchun chiqarilgan. Buni Apple isbotlay oladi va bolalarni aybdor ham qilishi mumkin.
Hozircha Apple bunday yo‘l tutmagan. Shundoq ham, ijtimoiy tarmoqlarda va OAVlarda bolalarni axmoqqa chiqarayotgan hamda ularni yomon so‘zlar bilan jazolayotganlar talaygina.
Hozirda video muallifi Kayli o‘z aybini tan olgan va kechirim so‘ragan. U Apple bilan bog‘lanib, buzilgan iPhone 6 Plus’ning pulini to‘lashini ta’kidlagan.
Izoh (0)