Andijonda faoliyat ko‘rsatayotgan “Uz Tong Xong Ko” O‘zbekiston — Janubiy Koreya qo‘shma korxonasida 16 turdagi sport anjomlari ishlab chiqarilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
“Korxonamiz asosan avtomobillar uchun o‘rindiqlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, — dedi korxona rahbari Avazbek Jalilov. — Ayni paytda xalq iste’moli mollari, xususan, sport tovarlari ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilgan”.
Korxonada xorijiy texnologiyalar asosida sifatli futbol, basketbol, voleybol va tennis to‘plari, tennis, stol tennisi va badminton raketkalari, akrobatika va gimnastika mashqlari bajariladigan maxsus jihozlar hamda turli kedalar ishlab chiqarilmoqda.
Mahsulotlar buyurtma asosida O‘zbekistondagi turli sport muassasalari, umumta’lim va sport maktablari, litsey va kasb-hunar kollejlari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamda respublika Badminton federatsiyasiga yetkazib berilmoqda.
“Joriy yilning o‘tgan davrida 600 million so‘mlik xalq iste’moli mollari ishlab chiqarildi, — dedi korxonaning xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Ravshanbek Karimov. — Ularning aksariyatini sport anjomlari tashkil etadi. Prezidentimiz rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor sport tovarlariga bo‘lgan talab va ehtiyojni ham oshirib yubormoqda. Xususan, yaqinda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasiga 18 ming dona futbol to‘pi yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Bu, o‘z navbatida, ishlab chiqarish hajmini oshirish imkoniyatini yaratadi”.
Korxonaning xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish bo‘limida 50 nafardan ziyod kishi mehnat qilmoqda. Asosan yoshlar va kasb-hunar kolleji bitiruvchilaridan iborat ishchilarning samarali ishlashi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Izoh (0)