Shveysariya olimlari falaj holatida bo‘lgan kalamushni birgina elektr signal bilan yugurishga majbur qildi. Tadqiqot natijalari Science Translational Medicine jurnalida taqdim etildi.
Yangi Gait System tizimi 2015-yilda orqa miya jarohatlanishi natijasida falaj bo‘lib qolgan odamlarda ham sinab ko‘riladi.
Falajlik va boshqa asab bilan bog‘liq kasalliklar hujayralar o‘rtasida elektr signal yuborilishida to‘siq yuzaga kelishi natijasida paydo bo‘ladi. Biroq aynan shu elektr quvvati falaj jonivorga harakatlanish imkoniyatini qaytardi.
Shveysariya neyrofiziologlari kalamushlar bilan ishlab, ularning orqa miyasini o‘rtasidan ikkiga ajratib, elektrodlarni shu yerga o‘rnatdi. Tadqiqotchilar kalamushning yurishini o‘rganib chiqib, undagi elektr impulslarni shunday ishlab chiqdiki, kalamush yo‘lda to‘siq (zina yoki chuqur) uchraganda, undan bemalol o‘ta oladigan bo‘ldi.
“Biz kalamushning orqa oyoqlarini to‘liq nazorat qilyapmiz. Jonivor ularni umuman harakatlantira olmaydi. Biroq elektrostimulyatsiya kesilgan orqa miyani ishga tushirib, kalamushni tabiiy holatdagidek yurishga majbur qiladi”, — dedi neyrofiziolog Greguar Kurtin.
Olimlar endi qanday qilib qo‘l-oyoqlar harakatini bevosita bosh miyadan berilgan signal orqali boshqarish mumkinligini aniqlashni rejalashtirmoqda.
2015-yilda mazkur elektrostimulyatsiya usuli orqa miya jarohatlanishi natijasida falaj bo‘lib qolgan odamlarda maxsus Gait Platform maydonchasi yordamida sinab ko‘riladi. Mazkur maydoncha yugurish yo‘lagi, tayanch tizimi, odam oyoqlari va umuman tanasi haqida ma’lumot yig‘uvchi 14 ta infraqizil va ikkita videokameradan iborat bo‘ladi.
Izoh (0)