Janubiy Koreyaning Incheon shahrida davom etayotgan Osiyo o‘yinlarining tennis musobaqalarida uch nafar o‘zbekistonlik sportchi ikkinchi bosqich musobaqalarida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
Temur Ismoilov ummonlik Yunus Ravahini ikki setda 6:0, 6:0 hisobida tor-mor etdi. Ismoilov ertaga uchinchi bosqichda xitoylik Vu Diga qarshi kortga tushadi.
Sanjar Fayziyev esa pokistonlik Muhammad Abid ustidan ikki setda 6:2, 6:0 hisoblarida g‘alabaga erishdi. Sanjar ertaga taypeylik tennischi Vang Yeu Szuo bilan bellashadi.
Nigina Abduraimova esa pokistonlik Sara Mansurga hech qanday imkoniyat qoldirmadi — 6:0, 6:0. Endi Nigina ertaga Xitoy Taypeyi vakili Xsyu Chiye Yu bilan kim kuchli ekanini aniqlab oladi.
Bundan tashqari, Oqgul Omonmurodova ertaga uchinchi bosqichda janubiy koreyalik Jang Sujeongga qarshi kortga tushadi.
Izoh (0)