O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi va “Toshbozorsavdo” uyushmasi hamkorligida “Eng namunali dehqon bozori” ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Tadbirda Toshkent shahar va tumanlar hokimliklari vakillari, Xotin-qizlar qo‘mitasining bozorlar hamda oliy ta’lim tizimidagi boshlang‘ich tashkilotlari raislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari F.Abdurahimova va boshqalar poytaxt dehqon bozorlari faoliyati izchil tartibga solinib, ularda xizmat ko‘rsatish tizimi zamon talablariga moslashtirilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston mustaqilligining 23 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda “Toshbozorsavdo” uyushmasi tizimidagi 20 ta bozorda sotuvchilarning kiyinish va muomala madaniyati, bozor rastalari orastaligi, hududning sanitariya holati hamda radiouzel xizmatining sifati o‘rganildi. “Aviasozlar dehqon bozori” birinchi o‘ringa, “Qoraqamish dehqon bozori” ikkinchi o‘ringa, “Askiya dehqon bozori” uchinchi o‘ringa munosib deb topildi. Rag‘batlantiruvchi o‘rin “Bekto‘pi” savdo majmuasiga nasib etdi.
G‘oliblarga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova ishtirok etdi.
Izoh (0)