Google’da dasturchi-muhandis bo‘lib faoliyat olib boradigan Nodir To‘raqulov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir 16-sentabr kuni soat 19:30 da boshlandi va chamasi ikki soat davom etdi. Bu haqda “Parol” nashri xabar berdi.
Uchrashuv tashkilotchisi TCHK coworking markazi bo‘lib, ular tadbir uchun ajoyib joy tashkil etgan. Tashrif buyurganlarning barchasi suhbatlashish uchun o‘ziga qulay joy topa oldi.
Yig‘ilganlar Nodir To‘raqulovga uning faoliyati, Google’da ishlash va u yerda qanday sharoitlar yaratilgani, dasturchi-muhandis bo‘lish uchun nimalar qilish kerakligi hamda o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollar bilan murojaat qilishdi. Quyida ular orasidan ayrim savol-javoblarni sizlarga taqdim etamiz.
Google’ga qanday ishga kirgansiz?
Nodir To‘raqulov: Google’ga ishga kirishim LinkedIn ijtimoiy tarmog‘i orqali boshlangan. O‘sha paytgacha ham AQSh’da edim. AQSh hududiga kirishingiz bilan bu tarmoq kerakli kadrni qidirib yurganlarga siz haqingizda ma’lumot yetkazib turadi.Shuning uchun menga har xil ish takliflari kelib turar edi. Shularning ichida Google’dan kelgan taklif meni qiziqtirib qo‘ydi. Aytish joizki, Google’ga ishga kirish katta bir jarayon — telefon yoki internet orqali intervyudan o‘tganingizdan so‘ng, sizni 5 bosqichli yuzma-yuz suhbatga chaqirishadi.
Bir kun davom etadigan suhbatdagi har bir bosqich 45 daqiqadan iborat, asosan dasturlash va algoritm tuzish mahoratingiz kompyutersiz, faqat oq doska va marker bilan sinaladi.
Google xodimlari kompaniya loyihalaridan boshqa, o‘z loyihalarini amalga oshirishlari mumkinmi?
Nodir To‘raqulov: Dasturchilarning barcha yozgan kodlari Google’ga tegishli hisoblanadi va faqatgina Google’ning ruxsati bilan boshqa joylarga tarqalishi mumkin.Google’ning ijtimoiy paketlari haqida gapirib bersangiz
Nodir To‘raqulov: Google’da bunday paketlar juda ko‘p. Ish bo‘yicha qiladigan har bir xarajatingizni Google qoplaydi. Hatto bir safar Linux OS bo‘yicha kitob sotib olganimda ham, uning pulini Google to‘lab bergan. Bundan tashqari sog‘lig‘imizni to‘liq sug‘urtalashadi, kompaniya hududida har xil kafe va restoranlar, dam olish va sport zallari bor, ovqatlanish hamda shug‘ullanish tekin. Yiliga kamida 2 marta turli joylarga sayohatga chiqamiz.Ushbu tadbir haqida batafsil ma’lumot hamda uchrashuv davomida berilgan boshqa savollar bilan “Parol” nashrining ushbu maqolasida tanishishingiz mumkin.
Izoh (0)