Isroilda litvalik skripkachi Naomi Elishuvning miyasi operatsiya qilindi. Shifokorlarning aytishicha, operatsiya vaqtida Naomining hushi o‘zida bo‘lgan va u skripkada Motsart asarlaridan birini ijro qilgan. Bu haqda payshanba kuni Spiegel jurnali bergan ma’lumotga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Skripkachi 20 yildan beri qo‘l tremori (qaltirash) kasalligi bilan og‘rib kelgan. Bu esa Naomining hayotini qiyinlashtirib, skripka chalishiga halal bergan. Isroilda operatsiya qilingan skripkachiga mahalliy narkoz (biror a’zoning o‘zigagina beriladigan narkoz) ta’sirida bosh suyagi kosasidagi kichik teshik orqali uzunligi 1,3 millimetrga teng miya elektrostimulyatori o‘rnatilgan.
“Stimulyatorni o‘rnatish uchun bizga mijoz tomondan faol hamkorlik ko‘rsatilishi kerak edi. Shuning uchun biz undan skripka chalishini iltimos qildik. Biz elektrodni kerakli joyda ishga tushirganimizda, Elishuv Motsart asarini katta ishtiyoq bilan, biroq endi qaltirashsiz ijro etdi”, — dedi tajribali neyroxirurg Itsxak Frid.
Shifokorlarning ma’lum qilishicha, endi Naomi Elishuv muxlislar qarshisida yana skripka chalishi mumkin.
Ma’lumot uchun, miya operatsiyasini umumiy narkoz bermay o‘tkazish ko‘payib bormoqda. Bunda shifokor operatsiya davomida miyadagi muhim a’zolarning faoliyatini kuzatish imkoniga ega bo‘lib, bunda bosh miyaning kulrang moddasi (markaziy asab tizimining asosiy bo‘lagi) og‘riqni sezmaydi.
Izoh (0)