2014-yil 4-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga imzo chekdi. Mazkur hujjat asosida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga ham qator yangiliklar kiritildi, deb xabar bermoqda Xushnudbek.uz.
Jumladan, Jinoyat kodeksining “Dastlabki qamoq vaqtini hisobga olish qoidalari” deb nomlangan 62-moddasiga o‘zgartish kiritildi.
Dastlabki qamoq deganda sud hukmi chiqqunga qadar dastlabki tergov hamda sud muhokamasi vaqtida shaxsni qamoqda ushlab turish tushuniladi.
O‘rnatilgan tartib-qoidaga ko‘ra, sud aybdor deya topilgan shaxsga jazo tayinlayotgan vaqtda hukm e’lon qilingungacha shaxs qamoqda ushlab turilgan bo‘lsa, o‘sha muddatni umumiy jazodan ayirib tashlashi lozim.
Endilikda mazkur qoidaga jarima jazosi tayinlayotganda dastlabki qamoq muddatini hisoblash bilan bog‘liq qoida ham kiritildi. Unga ko‘ra, sud qamoqda saqlangan shaxsga jarima tayinlashda qamoqda saqlangan har bir kunini eng kam oylik ish haqining ikkidan bir qismiga tenglashtirib hisoblashi belgilandi.
Masalan, hukmgacha bir oy qamoqda saqlangan shaxsga eng kam oylik ish haqining yuz baravari miqdorida jarima jazosi belgilandi. Shunda u jarimaning barchasini to‘lamaydi. Uning qamoqda o‘tirgan muddati jarimadan ayirib tashlanadi.
Izoh (0)