Nukusda O‘zbekiston mustaqilligining 23 yilligiga bag‘ishlangan hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Islom Karimovning 2014-yil 1-iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada 100 ga yaqin to‘quvchilik, kashtachilik, zargarlik, temirchilik, yog‘och o‘ymakorligi va hunarmandchilikning boshqa turlari bilan shug‘ullanayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar 1000 dan ortiq mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zuhra Ibrohimova, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Xo‘jamurat Qaypnazarov va boshqalar O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’atini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan 300 dan ziyod hunarmandning 25 foizini yoshlar, 50 foizini ayollar tashkil etadi. Ular O‘zbekistonda va xalqaro miqyosda tashkil etilayotgan turli tanlov va festivallarda faol qatnashib, milliy madaniyatni keng targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Tadbirda “Eng yaxshi hunarmand”, “Eng ko‘p mahsulot ishlab chiqaruvchi”, “Eng yaxshi dizayner”, “Eng yosh hunarmand” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
Izoh (0)