Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va boshqa mansabdor shaxslarning Kiyev bilan kelishmagan holda Qrimga tashrif buyurgani uchun Rossiyaga nisbatan qat’iy norozilik bildirdi. Bu haqda “Segodnya” xabar bermoqda.
Tashqi siyosat qo‘mitasi axborot xizmati tomonidan payshanba kuni kechqurun tarqatilgan xabarda “Ukraina Tashqi ishlar vazirligi diplomatik demarshni amalga oshirdi va Rossiya tomonga Ukraina bilan kelishmay 13—14-avgust kunlari Vladimir Putin va rossiyalik boshqa mansabdor shaxslarning Ukrainaning vaqtincha ishg‘ol qilingan hududi — Qrim Avtonom Respublikasi va Sevastopol shahriga tashrif buyurgani yuzasidan qat’iy norozilik bildirdi”, — deyiladi.
TIV xodimlari Ukraina tomonidan berilgan ogohlantirishlarga qaramay amalga oshirilgan mazkur qadam Rossiyaning Ukraina davlat suvereniteti, BMT Nizomi, BMT Bosh Assambleyasining “Ukraina hududi yaxlitligi” to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi rezolyutsiyalari hamda ikki va ko‘p tomonlama majburiyatlarni hurmat qilmasligini anglatishini ta’kidladi.
Ukraina rossiyalik mansabdor shaxslarning Qrim Avtonom Respublikasi va Sevastopol shahriga mazkur va boshqa kelishilmagan tashrifi Ukrainaning vaqtincha ishg‘ol qilingan hududida noqonuniy “hukumat organlari”ni qonuniylashtirishga qaratilgan omadsiz urinishi ekanligini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, Davlat dumasi deputatlari mahalliy aholi bilan muloqot qilish uchun 12-avgustdayoq Qrimga kelgan, asosiy tadbir 14-avgustga rejalashtirilgan edi.
Izoh (0)