9-avgust kuni Olimpiya shon-shuhrati muzeyida joriy yilning 16—28-avgust kunlari Xitoyning Nankin shahrida o‘tkaziladigan ikkinchi o‘smirlar Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalarini qo‘lga kiritgan sportchilar va ularning murabbiylariga O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining mukofotlari tantanali sur’atda topshirildi. Bu haqda Olympic.uz xabar bermoqda.
Haqiqiy bayramona ruhda tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti, senator Mirabror Usmanov hamda Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Murod Aliyev so‘zga chiqib, o‘ta kuchli raqobat ostida o‘tgan musobaqalarda o‘zlarining mahorat va tajribalarini har tomonlama namoyon etgan sportchilar hamda murabbiylarga minnatdorchilik izhor etdi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi Svetlana Kuznetsova hamda boks bo‘yicha Jahon va Osiyo chempioni, Nankin — 2014 o‘smirlar Olimpiadasining ochilish tantanalarida O‘zbekiston bayrog‘ini stadion uzra olib o‘tish baxtiga muyassar bo‘lgan Bektemir Meliqo‘ziyev sportchi va murabbiylar nomidan so‘zga chiqib, o‘smirlar olimpiadasida ham O‘zbekiston sha’nini munosib himoya qilishga, o‘zbek xalqi va Prezidentning ishonchlarini oqlash uchun bor kuch va mahoratlarini namoyon etishga va’da berdi.
Shundan so‘ng, Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma olgan va litsenziyalarni qo‘lga kiritilishiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shgan jami 35 nafar sportchiga O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, ikkinchi bor o‘tkaziladigan o‘smirlar yozgi Olimpiada o‘yinlarida 28 nafar sportchi 14 sport turida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Nankin shahriga 11-avgust kuni yo‘l oladi.
Izoh (0)