“Toshkentshahargaz” boshqarmasi tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida ikkita yuqori bosimli gaz quvuri barpo etilmoqda. Mazkur gaz quvurlari Bektemir va Uchtepa tumanlarining gaz ta’minotini yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Bugungi kunda poytaxtda tabiiy gazdan 10 mingdan ortiq yuridik shaxs va 580 ming maishiy iste’molchi foydalanadi. Soha mutaxassislarining tasdiqlashicha, kuz-qish davrida shahardagi uchta gaz taqsimlash stansiyasining umumiy o‘tkazish quvvati sutkasiga 18—22 million kub metrga yetadi.
“Toshkentgazta’minot” unitar korxonasi huzuridagi “Toshkentshahargaz” filiali boshlig‘i o‘rinbosari T.Soliyevning ta’kidlashicha, kuz-qish davrida havo haroratining pasayishi bilan shahar gaz ta’minoti tizimiga tushadigan yuklama keskin oshadi. Shahar gaz ta’minoti tashkilotlarida amalga oshirilayotgan izchil ishlar mavsumga har tomonlama va puxta tayyorgarlik ko‘rishni ta’minlamoqda.
Jumladan, 180 kilometrlik gaz quvurini sinovdan o‘tkazish va havo bilan tozalash ishlari amalga oshirilib, 874 kilometrdan ortiq gaz tarmog‘i tekshirildi. Bu gaz quvurlari holatini baholash aniqligini oshirish imkonini berdi. 10 kilometrdan ziyod gaz tarmog‘i kapital ta’mirlandi. Mazkur jarayonda ishdan chiqqan quvurlarni tiklash bo‘yicha innovatsion texnologiya qo‘llanildi. 1,8 mingdan ortiq o‘rta va yuqori bosimli gaz taqsimlash punkti taftish va profilaktika qilindi.
Poytaxt aholisini “zangori olov” bilan uzluksiz ta’minlashda Bektemir tumani Binokor aholi punkti hamda Uchtepa tumani O‘rikzor va Ko‘ksaroy mahallalaridagi yangi yuqori bosimli gaz quvurlari muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda Bektemir tumanida uzunligi uch kilometrlik gaz quvurini barpo etish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Tez orada qurilishi boshlanadigan ikkinchi gaz quvuri ikki kilometrdan ortiq masofaga cho‘ziladi.
Izoh (0)