“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining “Toshkent — Kiyev — Toshkent” reysi bo‘yicha uchayotgan samolyotlari Ukrainaning Donetsk viloyatini aylanib o‘tmoqda. Bu haqda FlightRadar24 servisiga asoslanib, “Kun” xabar berdi.
Reys bo‘yicha qatnayotgan samolyot Kiyevdan shimol tomon harakatlanib, parvozni Rossiya hududi orqali — Ukrainaning janubi-sharqiy viloyatlarini aylanib o‘tish bilan amalga oshirmoqda. Bunday reysning parvoz davomiyligi biroz uzayadi.
Eslatib o‘tamiz, 17-iyul kuni Malaysia Airlines’ning “Amsterdam — Kuala-Lumpur” yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilayotgan Boeing 777 samolyoti Ukrainaning Donetsk viloyatidan o‘tayotganida qulagan edi. Hodisa natijasida samolyot bortida bo‘lgan 298 kishining barchasi halok bo‘lgan.
Hodisaga aynan nima sabab bo‘lgani hozircha aniq emas, samolyot urib tushirilgan degan taxminlar bor. Shu sabab jahonning ko‘plab aviakompaniyalari Ukrainaning sharqidan va umuman Ukraina ustidan uchib o‘tishni vaqtinchalik to‘xtatib, boshqa muqobil koridorlardan foydalanishni boshlagan.
Izoh (0)