“Twenty3 Sport + Entertainment” konsorsiumi va “Spinifex” ijodiy-texnik firmasi 2015-yilgi Osiyo Kubogi ochilish marosimini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Stadion.uz xabar berdi.
Musobaqa Tashkiliy Qo‘mitasi ijrochi direktori Maykl Braunning so‘zlariga ko‘ra, ikkala tashkilot o‘tkazilgan tenderda g‘olib chiqib, OK — 2015 ochilish va yopilish marosimini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritgan. Konsorsium mutaxassislari, shuningdek, butun musobaqa davomida ijodiy elementlar jarayonida ham ishtirok etadi.
“Umid qilamizki, ‘Twenty3 Sport’ mutaxassislari ishonchimizni oqlab, butun musobaqa davomidagi tashkiliy masalalarni yuqori saviyada o‘tkaza oladi”, — deydi musobaqa tashkiliy qo‘mitasi ijrochi direktori Maykl Braun.
2015-yilning yanvar oyida Avstraliyada start oladigan OK musobaqasi Osiyo qit’asidan tashqarida o‘tkaziladigan ilk turnir bo‘ladi. Hisob bo‘yicha 23-marta o‘tkazilayotgan turnirda 16 ta jamoa ishtirok etadi. O‘yinlar esa Avstraliyaning beshta shahri — Brisben, Nyukasl, Sidney, Kanberra va Melburnda bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi ilk o‘yinini 10-yanvar kuni Sidneyda KXDR terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Guruh bosqichining ikkinchi turida O‘zbekiston terma jamoasi 14-yanvar kuni Xitoy termasiga qarshi maydonga tushadi. Xitoyga qarshi o‘yin Brisben shahrida bo‘lib o‘tadi. Nihoyat, guruh bosqichining so‘nggi turida Mirjalol Qosimov shogirdlari Saudiya Arabistoni terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuv 18-yanvar kuni Melburn shahrida o‘tkaziladi.
Izoh (0)