AQShning Rossiyaga kiritgan yangi sanksiyalari Kremlning Ukrainadagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan bir necha kompaniyalarga ta’sir qiladi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Rossiya Dumasi Spikeri o‘rinbosari Sergey Neverov, Qrim ishlari bo‘yicha vazir Oleg Savelyev, prezident yordamchisi Igor Shegolyev va tan olinmagan “Donetsk xalq respublikasi” rahbari Aleksandr Boroday singari mansabdor shaxslar, shuningdek, “VneshEkonomBank”, “Gazprombank”, “Rosneft”, “Uralvagonzavod”, “Novatek” kompaniyalari, “Almaz-Antey” va “Kalashnikov” konsernlari “qora ro‘yxat”dan joy oldi. Sanksiyalarga qaramay, ularning AQShdagi aktivi muzlatilmadi.
AQSh prezidenti Obama bu harakatlarni Yevropa bilan kelishgan holda amalga oshirganini aytdi. “Biz keyingi qadamni kelishib olish uchun Bryusselda uchrashamiz. Rossiya rahbariyati Ukrainadagi harakatlari salbiy oqibatlarga olib kelishi, xususan, Rossiya iqtisodi kuchsizlanishi va diplomatik izolyatsiya qilinishini anglab yetishini kutmoqdamiz”, — dedi Obama.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin sanksiyalardan Braziliyada ekanligida xabar topdi va muxbirlarga Vashington bu bilan o‘z maqsadlariga erisha olmasligini aytdi.
Yevroittifoq ham sanksiyalarga qo‘shildi, biroq u hozircha elchilarga “qora ro‘yxat”ni kengaytirish haqida buyruq berib, ittifoqning Yevropa sarmoya banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki singari tuzilmalari Rossiyada yangi loyihalarni moliyalashtirmasligi, YeI byudjetidan moliyalashitirilayotgan va hozirda amalda bo‘lgan loyihalar esa to‘xtatilishini e’lon qildi.
Izoh (0)