Angliyadagi turk restoranining egasi EuroMillions lotereyasini o‘ynab, yutuqli chipta sohibi bo‘lgan edi. Fotih O‘zkan ismli ofitsiant yutuqning yarmini talab qilib, sudga murojaat qildi va mablag‘ning yarmini qo‘lga kiritdi. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.
2012-yil yanvar oyida York shahridagi Kapadokya turk restorani xodimi Fotih O‘zkan tushiga asoslanib, xo‘jayinini lotereya sotib olishga undaydi. Restoran egasi Hayati Kuchukkoylu EuroMillions lotereyasini sotib oladi va bir million funt (1,7 million dollar) g‘olibiga aylanadi.
Shundan so‘ng Fotih restoran egasidan pulning yarmini talab qiladi, biroq Hayati lotereya biletini bir o‘zi sotib olib, raqamlarni ham hech kimning yordamisiz tanlaganini aytadi. Fotih esa yutuq chiqishini avvaldan his qilgani va tushida ko‘rganini ta’kidlaydi. Biroq ofitsiant maqsadiga erisha olmagach, politsiya xodimlari va o‘yin tashkilotchilariga yutuqli chipta unga tegishli ekani, xo‘jayini chiptani yigitning cho‘ntagidan o‘g‘irlab olganini aytadi.
Hayati Kuchukkoylu hibsga olinib, to‘qqiz soat mobaynida tergov qilinadi. Tergov natija bermagach, Fotih O‘zkan va uning xo‘jayini sudga murojaat qiladi. Sud jarayonida Fotih va Hayatining chipta xarid qilish uchun birga borgani va raqamlarni ikkovi belgilagani aniqlandi.
Uzoq davom etgan sud jarayonidan so‘ng Fotih O‘zkanning shikoyati o‘rinli deb topilib, yutilgan mablag‘ning yarmi — 500 ming funt (850 ming dollar) ofitsiantga berilishi haqida hukm chiqarildi.
Izoh (0)