Amerikaning Apple kompaniyasi uning xizmatlari Xitoy xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligi haqidagi Xitoy davlat OAVlari tomonidan berilgan axborotni rad etdi. Raddiya kompaniyaning Xitoydagi saytiga joylashtirildi, deb xabar berdi “Interfaks” TechTree ma’lumotiga asoslanib.
O‘tgan hafta Xitoy markaziy televideniyesi (CCTV) Apple qurilmalaridagi turgan joyni aniqlab beruvchi Frequent Locations (“Ko‘p tashrif buyuriladigan joylar”) xizmatining davlat xavfsizligiga tahdid solishi haqida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, iPhone smartfonlari va iPad planshetlari foydalanuvchilar qayerdaligini aniqlaydi. Tez-tez boriladigan joylarni esa “yodda saqlab” qoladi. Bunday ma’lumotlarning davlat chegarasidan chiqib ketishi esa xavfsizlikka tahdid solishi va hatto mamlakat iqtisodiga zarar yetkazishi ham mumkin, deyiladi televideniye xabarida.
Apple o‘z raddiyasida hech qachon biror-bir davlatning hukumat tashkilotlari bilan hamkorlik qilmagani va bundan keyin ham qilmasligini ta’kidladi.
Kompaniya “Biz mijozlarimizning shaxsiy ma’lumotlari daxlsizligini qadrlaymiz”, — deb, Frequent Locations xizmatining ishlash mexanizmini tushuntirib berdi.
AQSh tomonidan josuslik amalga oshirilishi mumkinligidan kelib chiqib, Xitoy hukumati joriy yilning may oyida mamlakat banklariga IBMning serunum serverlaridan emas, mahalliy mahsulot va xizmatlardan foydalanishni taklif qilgan edi. Davlat kompaniyalariga esa amerikalik maslahatchilar bilan aloqalarni kamaytirish haqida buyruq berilgan.
Bundan tashqari, Xitoy hukumati davlat muassasalarida foydalanishda bo‘lgan yoki ular tomonidan xarid qilinayotgan barcha kompyuterlarga Windows 8 operatsion tizimini o‘rnatishni taqiqlab qo‘ydi.
Izoh (0)