O‘zbekistonda 1-iyuldan oliy ta’lim muassasalarining magistratura bo‘limlari uchun qabul jarayonlari boshlandi, deya xabar beradi “Kun” huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev ma’lumotiga tayanib.
2014-yilda O‘zbekiston OTMlarining magistratura bo‘limlari uchun qabul kvotalari o‘tgan yilgiga qaraganda 1,3 ming o‘ringa qisqartirilgan.
O‘tgan yili 6,3 ming nafar magistr qabul qilingan bo‘lsa, 2014-yilda OTMlarga 5 ming nafar magistr, shundan 1 ming 548 nafari davlat granti, 3 ming 452 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.
Qabul kvotasi soni bo‘yicha OTMlar reytingida O‘zbekiston Milliy universiteti birinchi bo‘ldi — bu OTM 2014/2015 - o‘quv yilida 436 nafar magistrni qabul qiladi. Undan keyingi o‘rinlarni Toshkent tibbiyot akademiyasi (299 nafar), Tokshkent davlat texnika universiteti (296 nafar), Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (266 nafar), Toshkent kimyo-texnologiya instituti (221 nafar) egallagan.
Shuningdek, joriy o‘quv yilida Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti Buxoro filiali uchun magistratura bo‘limi ochildi va 12 nafar talaba qabul qilishi belgilandi.
Ma’lumot uchun, 2013/2014 - o‘quv yilida magistratura bo‘limiga kirish imtihonlari o‘tkazilish jarayoniga bir qator o‘zgartirishlar kiritilgan. Xususan, bo‘lajak magistrlar chet tilidan imtihon topshirishlari kerak bo‘ladi.
Izoh (0)