Poytaxtdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida o‘tkazilayotgan sambo bo‘yicha kattalar, yoshlar, o‘smirlar va xotin-qizlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining dastlabki g‘olib va sovrindorlari aniqlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Musobaqaning birinchi kunida sport ixlosmandlari kattalar o‘rtasidagi qiziqarli bellashuvlarga guvoh bo‘ldi.
Vazni 82 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasidagi final bahsida Farrux Jumayev qozog‘istonlik Yerjan Kabdelovni mag‘lubiyatga uchratib, Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. O‘z vazn toifasida Sardor Shovriqov, Eldor G‘ulomov va Shirin Sharipov ham barcha raqiblari ustidan g‘alaba qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Shavkat Jo‘rayev kumush, Davlat Hamroyev va Sherbek Ro‘ziyev bronza medal bilan taqdirlandi.
Qozog‘istonlik Bolatbek Raimqulov, Alkey Asilbek, turkmanistonlik Karim Allanurov, tojikistonlik Xushqadam Xusravov va eronlik Amirhusayn Homidiyon birinchi o‘rinni egalladi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan sambochilar bellashuvida qatnashgan Gulnoza Ziyoyeva finalda hindistonlik Vahishta Shivaxini yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
O‘zbekistonliklardan Nodira Gulova va Obida Allado‘stova ham o‘z vazn toifasida qit’ada tengsiz ekanini isbotladi. Malikabonu Mirzayeva, Shohista Safarova, Gulmira Ismatova, Oydinoy Botirova va Maftuna Esonova ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Shahlo Yo‘ldoshevaga bronza medal nasib etdi.
Shuningdek, turkmanistonlik Gulbadan Bobomurodova, qozog‘istonlik Nilufar Abilova, Farida Dosimbekova, Dildash Qurishboyeva, Qaljon Taijonova va Aliya Jilqiboyeva oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Osiyo chempionati davom etmoqda.
Izoh (0)