SpaceX xususiy kompaniyasining bortida olti telekommunikatsiya yo‘ldoshi bo‘lgan Falcon 9 raketasi parvozi ikkinchi bosqich dvigatelining yonilg‘i baklaridan birida bosim tushib ketgani sabab so‘nggi lahzada bekor qilindi, deya xabar beradi “Kun” NBC News ma’lumotiga tayanib.
Raketa Kanaveral burnidagi kosmodromdan mahalliy vaqt bilan juma kuni soat 19:01 da parvozni boshlashi kerak bo‘lgan vaqtda, bosim bilan bog‘liq muammoni hal etish imkoni bo‘lmagan. Shu munosabat bilan parvoz shanbadan keyin amalga oshirilishi kutilmoqda.
Falcon 9 orbitaga Sierra Nevada va Boeing tomonidan ishlab chiqilgan, har birining qiymati 200 million dollarga teng bo‘lgan yangi avlod Orbcomm aloqa yo‘ldoshlarini olib chiqishi kerak.
Olti sun’iy yo‘ldoshning har biri hozirgi vaqtda orbitada harakatlanayotgan 25 ta Orbcomm sun’iy yo‘ldoshlaridan-da ko‘proq imkoniyatlarga ega.
Falcon 9 parvozi birinchi marta bekor qilinayotgani yo‘q. Dastlabki reja bo‘yicha, parvoz may oyida amalga oshirilishi kerak edi.
Biroq o‘shanda ham raketada, ham sun’iy yo‘ldoshlarda kuzatilgan texnik muammolar sabab, parvozni bir necha bor kechiktirishga to‘g‘ri kelgandi.
Qayd etish joiz, 2012 yilning oktabrida SpaceX kompaniyasi bitta Orbcomm sun’iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqishga muvaffaq bo‘lgandi.
Izoh (0)