Tunis davlatida yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan Gran-Pri turnirining oxirgi kuni o‘zbekistonlik Ma’ruf Murodullayev 800 metr masofaga yugurish musobaqasida marra chizig‘iga birinchi bo‘lib yetib kelib, Gran-Pri turnirining oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar beradi.
Mazkur Gran-Pri turnirida joriy yilning 18—24-oktabr kunlari Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tadigan ParaOsiyo o‘yinlarining yo‘llanmalari ham o‘ynaldi va e’tiborlisi unda ishtirok etgan uch nafar o‘zbekistonlik sportchilarning barchasi ParaOsiyo o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
800 metr masofaga yugurish musobaqasida oltin medalni qo‘lga kiritgan Ma’rufjon Murodullayev dastlabki kun 400 metr masofaga yugurish bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada kumush medalga sazovor bo‘lib, ParaOsiyo o‘yinlari yo‘llanmasini naqd qilib qo‘ygan edi. Bundan tashqari yadro uloqtirish bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Mavlonbek Xaydarov va nayza uloqtirish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan bahslarda Abdug‘affor Abdullayev sovrinli o‘rinlarni egallash bilan birga Incheon o‘yinlari yo‘llanmasiga ega bo‘lishgan edi.
Tunis davlatida o‘tkazilgan Gran-Pri turnirida 1 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan yengil atletikachilarimiz 20 iyun kuni soat 06:30 da O‘zbekistonga qaytib keladilar.
Izoh (0)