Buxoroda ipak va ziravorlar festivali boshlandi. Unda O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan kelgan hunarmandlar o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda, deb yozadi O‘zA.
Tadbir Buxoro viloyati hokimligi, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining viloyat mintaqaviy bo‘limi, “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Festivalda kashtachilik, zardo‘zlik, o‘ymakorlik, zargarlik, kulolchilik, gilamchilik, pichoqchilik singari qadimiy hunarmandchilik turlarini namoyish etilmoqda.
– Ulkan turistik salohiyatga ega O‘zbekistonning, ayniqsa, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlarini ko‘rishga bo‘lgan qiziqish xalqaro miqyosda tobora oshib bormoqda, – deydi angliyalik sayyoh Patrik Makkarti. – Turmush o‘rtog‘im bilan Buxoroga sayohatimiz shunday ajoyib festivalga to‘g‘ri kelganidan g‘oyat xursandmiz. Festival bizda unutilmas taassurot qoldirdi.
Tadbir doirasida ipak mahsulotlari va ziravorlar savdosi o‘tkazilmoqda. Buxoro mis-kandakorlik, miniatyura, zardo‘zlik, temirchilik, kulolchilik maktablari tajribasi bilan tanishtirish marosimi, ipak gilam, atlas va adras to‘qish, kashtachilik sohasi ustalarining mahorat darslarini yig‘ilganlar katta qiziqish bilan kuzatmoqda.
Yosh dizaynerlarning modalar kolleksiyasi namoyishi, xalq milliy o‘yinlari, folklor dastalarining chiqishlari tadbirga o‘zgacha shukuh baxsh etmoqda, deyiladi O‘zA xabarida.
Izoh (0)