Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari Toshkent va Samarqand viloyatlarida bo‘lib, mamlakatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va ishlab chiqarish, qishloqlar qiyofasini o‘zgartirish, aholi farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Xalqaro konferensiya ishtirokchilari Toshkent shahridagi Gold Dried Fruits mas’uliyati cheklangan jamiyati, Green World O‘zbekiston—AQSh—Janubiy Koreya, “Lazzat Karamel” O‘zbekiston—Shveysariya qo‘shma korxonalarida bo‘lib, oziq-ovqat sanoati sohasida erishilayotgan yutuqlar bilan tanishdi.
2013-yilda tashkil etilgan Gold Dried Fruits korxonasi quritilgan sabzavot mahsulotlari va ziravorlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Yuzdan ziyod ishchi mehnat qilayotgan korxona bir kunda 120 tonna hosilni qayta ishlash quvvatiga ega. Mahsulotlarning 90 foizi eksport qilinmoqda.
Poytaxtdagi Green World O‘zbekiston—AQSh—Janubiy Koreya qo‘shma korxonasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan turli sharbatlar, murabbo, shinni va konservalangan tuzlamalar tayyorlanadi.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan qandolat mahsulotlari orasida “Lazzat Karamel” O‘zbekiston—Shveysariya qo‘shma korxonasi mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tayyorlanayotgan 30 turdagi shirinliklar iste’molchilarga ma’qul kelayotir. “Lazzat Karamel” yiliga to‘rt ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.
— Tashkilotimiz O‘zbekiston bilan ko‘p yillardan buyon samarali hamkorlik qilib kelmoqda, — deydi Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi raisining o‘rinbosari Xaled Muhammad Al-Abudiy. — “Asaka”, Asia Alliance kabi o‘nga yaqin banklar bilan yaqindan hamkorlik qilib kelyapmiz. Shu paytgacha kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga doir, xususan, O‘zbekistondagi 172 korxonani moliyalashtirishga oid ko‘plab qo‘shma loyihalarni amalga oshirdik. Kelgusida qo‘shma loyihalarimiz qamrovi yanada kengayadi, degan umiddaman.
Mehmonlar Toshkentdagi “Farhod” dehqon bozorida ham bo‘ldi.
— Kompaniyamiz oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadi, — deydi OTTO Young Heung Groceries kompaniyasi prezidenti Seo Xyun Su (Janubiy Koreya). – Konferensiya doirasida poytaxtingizdagi quritilgan sabzavotlar, turli sharbatlar, konservalangan mahsulotlar va shirinliklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qator korxonalarda bo‘lib, mahsulot tayyorlash jarayoni bilan yaqindan tanishdim. O‘zbekiston bozorlari o‘zining betakror jozibasi, to‘kinligi bilan dovruq qozongan. “Farhod” dehqon bozoridagi fayzu barakani ko‘rib, dilim yayradi. Konferensiya doirasida Green World va Arktika Bottlers korxonalari mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha yaqin hamkorlik o‘rnatish niyatidaman.
Xorijlik mehmonlar Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, bu yerda namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylar bilan tanishdi.
— O‘zbekiston meva-sabzavot va uzum yetishtirish bo‘yicha dunyoning ko‘plab davlatlari orasida yetakchi o‘rinni egallaydi, – deydi DISYS kompaniyasi bosh ijrochi direktori Kim Ki Xvang (Janubiy Koreya). — Bu O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida ancha ilgarilab ketganidan dalolatdir. Korxonamiz fermer xo‘jaliklariga mobil telefon yordamida issiqxonalarni nazorat qilishga mo‘ljallangan texnologiyalarni taqdim etadi. Yurtingizda fermerlarga yaratilayotgan imtiyozlarni hisobga olsak, bu texnologiyaning sohaga tatbiq etilishi mulkdorlarni axborot texnologiyalari bilan ta’minlash imkonini beradi.
Xalqaro konferensiya ishtirokchilari Zangiota tumanidagi “Master Delikatesov” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi. Mazkur korxona kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Shunindek, xalqaro anjuman ishtirokchilarining bir guruhi Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.
Samarqand tumanidagi “Ohalik oltin bog‘i mevasi” fermer xo‘jaligida 680 gektar maydonda intensiv bog‘ tashkil etilgan. Bu yerda yiliga 10 ming tonna meva yetishtirilmoqda. 2013-yilda 3 million dollar miqdorida daromad olingan. Xo‘jalikda yetishtirilayotgan mevaning 2,5 ming tonnasi qayta ishlanib, o‘nga yaqin mamlakatga eksport qilinmoqda.
— Ushbu fermer xo‘jaligida intensiv texnologiya asosida yaratilgan bog‘lar menda katta taassurot qoldirdi, — deydi Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha uyushmaning loyiha rahbari Paulina Mor (Germaniya). — Mevalar ta’mi va xush bo‘yi bilan alohida ajralib turibdi. Ekinlarni tomchilab sug‘orish usuli ham o‘ziga xos. Bog‘dorchilikka ixtisoslashgan Germaniyaning ko‘plab kompaniyalari O‘zbekiston bilan mazkur yo‘nalishda hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda. O‘zbekistonda yetishtiriladigan barcha turdagi mevalar, jumladan, quruq mevalar jahon bozorida yuksak qadrlanadi.
2002-yilda tashkil etilgan “Agromir Samarqand” qo‘shma korxonasi nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlar bozorida ham o‘z xaridoriga ega. Korxonada meva-sabzavotlardan konservalangan mahsulotlar, meva sharbatlari va nektarlar ishlab chiqariladi. Ular qator mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Mehmonlar Samarqanddagi Registon ansambli, Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va boshqa tarixiy obidalarni katta qiziqish bilan tomosha qildi, shaharda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Izoh (0)