“Samarqandshahargaz” filialining “Bog‘ishamol” hududiy foydalanish bo‘limi boshlig‘i Ibragim Amirov xodimlardan ishda qoldirish evaziga har bir kishidan 50 AQSh dollari miqdorida pul talab qilgani uchun ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Ibragim Amirov bo‘lim nazoratchilari Amin Vafoyev va Bo‘riboy Qarshiyevlarni huzuriga chaqirgan va ularning ishidan kamchilik topib, ishdan bo‘shatish bilan qo‘rqitgan. “Ishda qolaman desangiz, har biringiz shu bugunoq menga 50 dollardan berasizlar”, — deb talab qilgan Ibragim Amirov. Nazoratchilar ularda buncha pul yo‘g‘ligini aytib, xonadan chiqib ketgan.
Niyatiga yetisha olmagan Ibragim Amirov bo‘lim nazoratchilari Zokir Hayitov va Ilhom Hamrayevlarga ham xuddi shunday po‘pisa qiladi. Ishsiz qolishdan qo‘rqqan xodimlar 100 AQSh dollari topib, shu kuni I. Amirovga beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish (SVOJJDLQK) departamentining Samarqand viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Islom Sherovning ma’lum qilishicha, boshliqning tamagirligiga chiday olmagan boshqa xodimlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga arz qilgan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgach, Ibragim Amirov qilmishidan pushaymon bo‘lib, aybini tan olgan. Sud hukmi bilan Amirov ikki yil muddatga mas’ul mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan va uch yilu olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Izoh (0)