Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH kuchli bosim qilayotgan paytda hech qanday muzokara o‘tkazmasligini aytib, Donald Trampga qat’iy javob qaytardi.
Ular (AQSH) buyruq berib, tahdid qilishi biz uchun qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Men hatto siz bilan ham muzokara qilmayman. Xohlagan narsangizni qiling, deb yozmoqda davlat nashrlari Pezeshkiyonning so‘zlarini iqtibos keltirgan holda.
Biroq ta’kidlash joiz, Pezeshkiyon mamlakatning tashqi siyosatini belgilovchi asosiy shaxs emas — bu borada so‘nggi qarorni Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiy qabul qiladi.
Eron prezidenti avvalroq AQSH bilan muzokaralarga shaxsan qarshi emasligini bildirgan, biroq Xomanaiy rozi bo‘lmaguncha bunday muloqot bo‘lmasligini tan olgan edi.
O‘tgan hafta Tramp Xomanaiyga maktub yo‘llab, Eron yadro dasturi bo‘yicha yangi muzokaralarni boshlashga chaqirdi. AQSH prezidenti, shu bilan birga, Tehronga tahdid qilib, agar muzokaradan bosh tortilsa, harbiy chora ko‘rilishi mumkinligini aytdi.
Bunga javoban Xomanaiy Trampning ismini ochiq tilga olmagan holda Oq uyning bosim siyosatini tanqid qildi.
Ba’zi tajovuzkor hukumatlar — men ayrim xorijiy shaxslar va yetakchilarni tavsiflash uchun “tajovuzkor” so‘zidan ko‘ra mosrog‘ini bilmayman — muzokaralarni zo‘r berib talab qilmoqda. Ularning muzokaralardan maqsadi muammolarni hal qilish emas, balki hukmronlik o‘rnatish, dedi u.
Uning aytishicha, AQSH muzokaralarni bahona qilib Eronning yadro dasturidan tashqari harbiy salohiyati va mintaqadagi ta’sirini ham cheklashga harakat qilmoqda.
Tehron esa “maksimal bosim” ostida hech qanday muloqot bo‘lmasligini ta’kidlagan.

Donald Trampning birinchi prezidentlik muddatida keng qo‘llangan bosim siyosati u Oq uyga qaytishi bilan qayta tiklandi.
Eron 2015-yilda imzolangan, biroq AQSH 2019-yili undan bir tomonlama chiqqan “yadro bitimi”ga qaytishga tayyorligini bildirgan. Biroq Vashington sanksiyalarni yumshatish evaziga yadro dasturiga cheklov qo‘yishni nazarda tutuvchi kelishuvga yangi talablarni qo‘shmoqda.
Izoh (0)