Jamiyatshunos va siyosatshunos Hamid Sodiq “Daryo” bilan suhbat davomida korrupsiyaga qarshi kurash uchun sud hokimiyati yaxshi ishlashi muhim ekanligini aytib o‘tdi.
Siyosatshunosga ko‘ra, Oliy Majlis va parlamentga xalqning ishonchi bo‘lmasa, qonunlarga ham ishonch bo‘lmaydi.
“Korrupsiyani to‘xtatish uchun maʼlum bir siyosiy institutlar, xususan, sud tizimi yaxshi ishlashi kerak. Oliy Majlis va parlamentga xalqning ishonchi bo‘lmasa, qonunlarga ham ishonch bo‘lmaydi. Jamiyat nima uchun qonunlarni o‘qimaydi? Chunki qonunlar ishlamaydi. Agar qonunlar ishlamasa, qonunlarning vazifasini korrupsiya bajarishni boshlaydi”, — dedi siyosatshunos Hamid Sodiq.
Jamiyatshunos qo‘shimcha qilishicha, davlat organlarida byurokratiya kuchli bo‘lsa, jamiyat tabiiy ravishda korrupsiyaga qo‘l urishga harakat qiladi.
“Maʼlum bir muammolarni hal qilish uchun katta hujjatlashtirish talab qilinsa, korrupsiya uchun eshik ochiladi va jamiyat korrupsiya yo‘lidan yurishni boshlaydi. Davlat xizmatlari agentligi jamiyatdagi maishiy korrupsiyaning oldini olish uchun tashkil etilgan. Agar davlat organlarida byurokratiya kuchaysa, insonlar tabiiy ravishda korrupsiyaga murojaat qilishni boshlaydi”, — deya ta’kidladi siyosatshunos Hamid Sodiq.
Suhbatning to‘liq variantini “Daryo”ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Izoh (0)