Sudyalar oliy kengashi Botir Qodirov sud ishi bo‘yicha tomonlarni bayonot berishdan tiyilishga chaqirdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida da’vogar Botir Qodirovning Jo‘rayevlarga nisbatan “otalik faktini belgilash”ga oid fuqarolik nizosi ko‘rib chiqilmoqda. Fuqarolik nizosi taniqli shaxslar o‘rtasida kechayotgani hamda marhum va mashhur inson hayoti bilan bog‘liqligi bois voqealar rivoji keng jamoatchilik tomonidan katta e’tibor bilan kuzatilayotgani, ayni jarayonda ish bo‘yicha taraflarning holatiga tushunish bilan munosabatda bo‘lish mumkin.
Biroq nizo sudlashish darajasiga yetib, protsessual jarayonlar davom etayotgan bir paytda taraflar (yoki ularning vakillari) tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Tarmoqlardagi muhokamalarda hali yakuniga yetmagan ish bo‘yicha turli bashoratlarga berilishlar, suddan avval “qaror chiqarib qo‘yish” holatlari mavjud , eng yomoni, nizo sudda xolis va beg‘araz ko‘rilishiga asossiz shubhalar ham bildirilmoqda. Bularning hammasi sudga nisbatan ijtimoiy bosim paydo qilayotganiga ta’kid shart emas.
Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati, mavjud vaziyatdan kelib chiqib, ish bo‘yicha taraflarni turli shakl va ko‘rinishda bayonot berishdan tiyilishga, jurnalist va blogerlarni esa shaxsga oid ma’lumotlar hamda sud ishiga doir axborotlarni tarqatishdek nozik va hassos masalaga mas’uliyat bilan yondashishga chaqiradi, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Xonanda Qodirov Botir Sheraliyevich javobgarlar — Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayevlardan otalikni belgilashni talab qilib sudga ariza bergani xabar qilingan edi.
Holat yuzasidani izoh bergan Zohirshoh Jo‘rayev jamoatchilikdan bunday piar va hayplarga oilasini aralashtirmaslikni iltimos qilib so‘ragan.
Keyinroq Botir Qodirov Sherali Jo‘rayevning nikohli farzandi ekanligi hamda marhum hofizning o‘g‘illari bilan nima maqsadda sudlashayotgani haqida gapirgan edi.
Izoh (0)