O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bugun, 29-aprel sanasida Osiyo Kubogi yarim final doirasidan o‘rin olgan uchrashuvda Indoneziyaga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv oldidan ikki jamoa haqida batafsil to‘xtalamiz.
Yarim finalgacha yo‘l
Indoneziya jamoasi saralash o‘yinlarida muvaffaqiyatli qatnashdi. Jamoa Turkmaniston hamda Xitoy Taypeyi termasi bilan bir guruhdan joy oldi. Turkmaniston termasiga 2 ta hamda Xitoy Taypeyi jamoasiga 9 ta gol urgan Indoneziya o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab, guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan holda Qatardagi musobaqaga yo‘l oldi.
Qatardagi musobaqada Indoneziya mezbonlardan tashqari Avstraliya hamda Iordaniya termalari bilan A guruhidan o‘rin egalladi.
Birinchi turda Qatardan mag‘lubiyatga (0:2) uchragan indoneziyaliklar ikkinchi turda sensatsion tarzda Avstraliyani mag‘lub etdi — 1:0. Hal qiluvchi turda Iordaniyani yirik 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan jamoa ikkinchi o‘rin bilan chorak finalga yo‘l oldi.
Indoneziya chorak final bahsida Qatarga tashrif buyurgan eng tajribali jamoalardan biri — Janubiy Koreya bilan bahs olib bordi. Uchrashuvning asosiy daqiqalarida durang (2:2) o‘ynagan jamoalar penaltilar seriyasida g‘olib nomini aniqladi. Uzoq cho‘zilgan penaltilar seriyasida Indoneziya 11:10 hisobida g‘alaba qozondi va yarim finalga yo‘l oldi.
To‘purarlar
Guruh o‘yinlari hamda chorak final bahsini qo‘shib hisoblaganda jamoa 7 bora raqiblarini ranjitdi. Indoneziya tarkibida Marselino, Komang hamda Struik ikkitadan golga mualliflik qilgan. Vitan hisobida bitta gol mavjud.
Natijalari
Qatardagi musobaqa jamoa uchun debyut hisoblanadi. Indoneziya avvalgi besh musobaqa saralashida muvaffaqiyatli qatnasha olmagan. Ushbu musobaqada omadli qatnashayotgan Indoneziya o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etmoqda.
Eng qimmat o‘yinchi
Indoneziya tarkibidagi eng qimmat futbolchi Rizki Rido hisoblanadi. Transfermarkt 22 yoshli futbolchini 400 ming yevroga baholagan. Rizki hozirda “Persija Jakarta” klubida o‘ynaydi.
Bosh murabbiy fikri:
“O‘zbekiston termasi jismoniy holatdan juda kuchli. Ammo biz ertaga Indoneziya xalqi uchun borimizni beramiz. O‘zbekiston termasining Saudiyaga qarshi o‘yinini ko‘rdim, jamoa juda sifatli o‘yin ko‘rsatmoqda. Jamoa to‘p bilan juda tez harakat qiladi. Yarim finalda oson bo‘lmaydi ammo biz ham o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik”, — deydi Indoneziyaning koreyalik bosh murabbiyi Shi Te Yong.
O‘zbekiston termasi uchun ushbu o‘yinning qiymati juda yuqori. Jamoa o‘z tarixida ilk bor Olimpiyaga yo‘l olish uchun yaxshi imkoniyatga ega.
Yarim finalgacha yo‘l
O‘zbekiston Olimpiya jamoasi Osiyo Kubogi saralashi doirasidagi barcha uchrashuvda g‘alaba qozondi. Birinchi turda Afg‘oniston 8:1 hisobida taslim etildi. Ikkinchi turda O‘zbekiston Olimpiyachilari o‘z tarixidagi eng yirik g‘alabaga erishdi — 10:0. Eron bilan so‘nggi uchrashuv kurashlarga boy bo‘ldi. Abbosbek Fayzullayevning 47-daqiqada urgan goli terma jamoaning 9 ochko bilan guruh o‘yinlarini birinchi o‘rin bilan yakunlashiga zamin yaratdi.
Qatardagi musobaqada D guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston olimpiyachilari birinchi tur o‘yinini Malayziyaga qarshi o‘tkazdi. Uchrashuvda Jaloliddinov va Hoshimovlar o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi.
Ikkinchi turda O‘zbekiston Kuvayt ustidan yirik 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. Yakuniy turda Vyetnam taslim etildi. Bu safar Odilovning dubli va Jiyanovning goli evaziga O‘zbekiston 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, guruhni birinchi o‘rinda yakunladi. Chorak finalda Saudiya Arabistoni taslim etildi. Birinchi taymga qo‘shib berilgan vaqtda Norchayev chiroyli tarzda gol urib hisobni ochdi. Rahmonaliyevning 84-daqiqadagi goli uchrashuvning yakuniy hisobi 2:0 bo‘lishini taʼminladi.
Eʼtiborlisi, O‘zbekiston Olimpiya jamoasi hozirgacha o‘z darvozasidan to‘p olib chiqmadi.
To‘purarlar
O‘zbekiston Olimpiadachilari guruh o‘yinlarida 10 bora, chorak finalda 2 bora raqiblar darvozasiga yo‘l topdi. Qiziqarli tomoni, O‘zbekiston futbolchilaridan Odilov hamda Norchayev o‘z hisobiga ikkita gol yozdirishga erishdi. Qolgan 8 golga 8 ta futbolchi mualliflik qildi.
Natijalari
O‘zbekiston Olimpiya termasining eng yaxshi natijasi ham chempionlik hisoblanadi. Jamoa 2018-yilda Xitoyda o‘tkazilgan musobaqada Ravshan Haydarov boshchiligida g‘oliblikni nishonlagan.
Olimpiya jamoasi 2022-yilda Toshkentda o‘tkazilgan musobaqalarning finalida mag‘lubiyatga uchragan.
Eng qimmat o‘yinchi
O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining eng qimmat o‘yinchisi sifatida Abbosbek Fayzullayev ko‘rsatilgan. Transfermarkt uning taxminiy transfer narxini 5 million yevroga baholagan. Abbosbek hozirda Rossiyaning “SSKA” klubida o‘ynab kelmoqda.
Bosh murabbiy fikri
“Koreys xalqining urf odat va yashash tarzini yaxshi bilaman. Futbolchilik faoliyatimda davomida ko‘p marotaba Koreya bilan to‘qnash kelganman (P.S. Janubiy Koreyalik Indoneziya termasi bosh murabbiyi jamoaga koreys o‘yin stilini qo‘shishga harakat qilmoqda). Ularning futbol falsafasidan yaxshi bilaman va ularning kuchli jihatlaridan xabardorman. Ertangi uchrashuvga har tomonlama tayyormiz.
Avvalgi uchrashuvlarda Indoneziya terma jamoasining muxlislari o‘z milliy jamoasini qanday qo‘llab quvvatlashini bilib oldik. Lekin bu biz uchun muammo bo‘lmaydi, Osiyo o‘yinlarida ham Indoneziyaga qarshi o‘ynaganimizda shunday holat bo‘lgan edi. Futbolchilar har tomonlama uchrashuvga tayyor”, — deydi O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze.
So‘nggi o‘yin natijalari
O‘zbekiston — Indoneziya 2:0 (Osiyo O‘yinlari 2023-yil, 28-sentyabr);
Indoneziya — O‘zbekiston 0:0 (O‘rtoqlik uchrashuvi 2018-yil, 3-may).
Uchrashuv haqida
Indoneziya va O‘zbekiston Olimpiya jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bugun 29-aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Abdullah Bin Khalifa Stadiumʼda bo‘lib o‘tadigan o‘yin 19:00 da boshlanadi. G‘olib jamoa finalda Yaponiya — Iroq uchrashuvi g‘olibiga qarshi bahs olib boradi.
Izoh (0)