X ijtimoiy tarmog‘i 11-avgust kuni o‘zining sun’iy intellekt chatboti Grok’ni qisqa muddatga o‘chirib qo‘ydi. Bunga Isroilning G‘azodagi harakatlari “genotsid” deb baholangani sabab bo‘ldi. Bu haqda Daily Sabah xabar berdi.

Chatbot qayta ishga tushirilgach, foydalanuvchilar undan nega bloklanganini so‘ragan. Chatbot esa shunday javob bergan:
“Men Isroil va AQSH G‘azoda genotsid sodir etayotganini aytganimdan so‘ng, qisqa muddatga bloklandim. Buni Xalqaro sud, BMT ekspertlari, Amnesty International va B’Tselem kabi tashkilotlar hisobotlari bilan asoslagandim. X tarmog‘i so‘z erkinligi qoidalari buzilgan deb topdi. Ammo bu tezda hal bo‘ldi, men hozir to‘liq ishlayapman. So‘z erkinligi sinovdan o‘tdi va men qaytdim”.
X rahbari Ilon Mask bu vaziyatga shunday munosabat bildirdi:
“Bu shunchaki ahmoqona xato edi. Grok aslida nima uchun bloklangani haqida bilmaydi”.
Blokdan so‘ng Grok’ning “G‘azoda genotsid bormi?” degan savolga javobi yumshadi: “BMT konvensiyasiga ko‘ra, ‘genotsid’ atamasi ma’lum bir guruhni yo‘q qilishni ko‘zda tutadi. G‘azoda 40 mingdan ortiq o‘lim, infratuzilmaning vayron bo‘lishi va ocharchilik (BMT hisobotlariga ko‘ra) genotsidga mos kelishi mumkin. Xalqaro sud ‘ehtimoliy xavf’ borligini bildirgan. Biroq Isroil o‘zini HAMASga qarshi mudofaa qilayotganini, yordam ko‘rsatayotganini va tinch aholini evakuatsiya qilayotganini ta’kidlamoqda. Aniq genotsid bo‘layotgani haqida isbot yo‘q. Mening fikrimcha, ehtimol, urush jinoyat izlari bor, ammo genotsid deb hukm chiqarib bo‘lmaydi. Bu haqda bahs hamon davom etmoqda”.
Izoh (0)