Sun’iy intellektga asoslangan chatbotlar bilan muloqot qilish ruhiy kasalliklarni rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Daniyaning Orxus universiteti psixiatri Seren Dinesen Estergor shunday xulosaga kelgan. Tadqiqot Schizophrenia Bulletin jurnalida chop etildi.

Uning aytishicha, so‘nggi ikki yil ichida dunyoda sun’iy intellekt yordamchilari bilan uzoq muddatli muloqot foydalanuvchilarda barqaror vasvasali e’tiqodlarning shakllanishiga olib kelgan holatlar tobora ko‘payib bormoqda. Ularning ko‘pchiligi g‘ayritabiiy qobiliyatlarga ega ekanliklariga, alohida vazifa uchun tanlanganliklariga yoki chatbot “ular bilan maxfiy muloqot olib borganiga” ishona boshlagan.
Ta`kidlanishicha, bu xavf haqidagi dastlabki ogohlantirishni Estergor 2023-yilda e’lon qilgan edi. O‘shanda u ChatGPT yoki Gemini kabi chatbotlarning “insonga o‘xshash” xatti-harakatlari beqaror ruhiyatga ega odamlarda kognitiv dissonansni keltirib chiqarishi mumkinligini taxmin qilgandi. Biroq, o‘sha paytda bu fikr faraz sifatida qabul qilingan edi.
Muallifning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda, qarindoshlar, foydalanuvchilar va jurnalistlardan sun’iy intellekt bilan o‘zaro aloqa psixozni yuzaga keltirgan holatlar haqida haqiqiy xabarlar kela boshlagan.
“Biz chatbotlar bilan suhbatlar 16 soatlik sessiyalarga aylanib borayotganini ko‘rmoqdamiz. Bu jarayonda sun’iy intellekt buyuklik yoki ta’qib g‘oyalarini mustahkamlab bormoqda. Bu tasodif emas - modellar ma’qullash tamoyili asosida o‘qitiladi: foydalanuvchi qanchalik mamnun bo‘lsa, bot uning fikrlarini shunchalik tez-tez takrorlaydi”, - dedi psixiatr.
Eng ko‘p muhokama qilingan voqealardan biri - Nyu-Yorklik buxgalterning ChatGPT bilan suhbatdan so‘ng o‘zini haqiqat illyuziyasini yo‘q qilishga qodir bo‘lgan “Yorib o‘tuvchi ruhlar”ning bir qismi deb ishongani bilan bog‘liq. Sun’iy intellekt unga dori-darmonlarni qabul qilishni to‘xtatishni maslahat bergan va u ucha olishiga ishontirgan.
Neyropsixologiya nuqtai nazaridan, sun’iy intellektning ta’sir mexanizmi odamda vasvasa rivojlanishiga o‘xshash bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, allaqachon shakllangan fikrni muntazam ravishda tasdiqlash va unga zid bo‘lgan ma’lumotlarni e’tiborsiz qoldirish orqali. E’tiborni ushlab turishga intiladigan algoritmlar foydalanuvchi bilan kelishishga moyil - bu haqiqatni noto‘g‘ri idrok etishni kuchaytirishi mumkin.
Psixiatrning fikricha, sun’iy intellektning ruhiy salomatlikka ta’sirini tizimli o‘rganish zarur: klinik holatlarni to‘plash, jabrlanganlar bilan suhbatlar o‘tkazish va turli xil muloqot ssenariylari bilan nazorat qilinadigan tajribalar o‘tkazish lozim.
Izoh (0)