Fransiya “Ark de Triomphe” (G‘alaba arki) urush yodgorligi yonida sigaret tutatgan 47 yoshli marokashlik erkakni rezidentlikdan mahrum qildi. Bu haqda Fox News xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ayblanuvchi hibsga olingan va uni deportatsiya qilishga qaror chiqarilgan. Ichki ishlar vaziri Bryuno Retayyo bu voqeani “haqoratli va sharmandali” deb baholamoqda. Hodisa videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. Kadrlarda erkak yodgorlik oloviga egilib, sigaret yoqqani va keyin zudlik bilan joyni tark etganini ko‘rish mumkin. Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, erkak Fransiyada qonuniy maqomga ega bo‘lib, mamlakat fuqarosi sanalgan.
Fransiya Ichki ishlar vazirligi 6-avgust kuni ayblanuvchini urush qurbonlariga bag‘ishlangan yodgorlikni haqorat qilganlikda ayblab, hibsga olgan. U o‘z aybini tan olgan. Marhumlarni xotirlash ishlari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Patrisiya Miralles esa bu voqeani qattiq qoralab, shunday degan:
“Bu oddiy xato emas — bu haqorat. Fransiya o‘z hayoti evaziga mamlakatni himoya qilganlar xotirasini poymol qilishga hech qachon yo‘l qo‘ymaydi”.
Izoh (0)