AQSH prezidenti Donald Tramp Qrim “okean o‘rtasida” joylashganini aytib, uning hajmini 26 baravar oshirib ko‘rsatdi.

Prezident jurnalistlar bilan suhbatlashayotganda Qrimni Amerikaning Texas shtati bilan taqqoslagan. Siyosatchi uning o‘lchamini bir necha bor bo‘rttirib ko‘rsatgan. Qrim “ulkan, Texas yoki shunga o‘xshash kattalikda, okean o‘rtasida joylashgan va ajoyib”, degan u.
Texasning maydoni 695 000 kvadrat kilometrdan oshadi, Qrimning maydoni esa taxminan 27 000 kvadrat kilometr. Shu tariqa AQSH shtatining maydoni Qrimdan taxminan 26 baravar katta. Shuningdek, Tramp o‘z nutqida Qrimni nazorat qilish haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Agar o‘sha yerni berib yuborganimda, keyingi 20 yil davomida har bir gazetaning birinchi sahifasida bo‘lardim. Obama uni berganida, bu haqda hech kim gapirmadi, dedi Tramp.
Shunga qaramay, AQSH prezidenti Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bo‘lajak uchrashuvda Qrimdan voz kechishga, NATO a’zo bo‘lmaslikka chaqirdi.
Bu ikkala variant ham imkonsiz, degan Donald Tramp.
Tramp ko‘pincha geografik xatolarga yo‘l qo‘yadi. 2025-yil 16-avgust kuni u Rossiyaga borayotganini va “Alyaskadagi sammitdan keyin AQSHga qaytishi”ni aytgandi. Aslida esa Putin bilan uchrashuv AQSH hududidagi Ankorij shahrida (Alyaska) bo‘lib o‘tgan.
Izoh (0)