O‘zbekistonda bugungi kunda nodavlat OTMlar soni 76 ta bo‘lib, ularda 1 milliondan ortiq talaba tahsil olmoqda. Bu haqda nodavlat OTM reytingi yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Anjumanda ta’kidlanishicha, sohada ba’zi muammolar yuzaga kelmoqda. Jumladan, oxirgi 5-yilda talabalar soni 3 barobarga oshsa-da, lekin professor-o‘qituvchilar soni 1,6 barobarga oshgan.
Bu o‘z navbatida zamonaviy va chuqurlashtirilgan fanlar bo‘yicha o‘qituvchilar tanqisligi, qabul jarayonida seleksiyaga e’tiborning susayishi, oliy ta’lim standartlarining ishlamasligi kabi bir qator kutilmagan muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Bu o‘z navbatida bitiruvchilarning o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ishga joylashishda qiyinchilikka uchrashi, oliy ta’lim sifati tushishi va diplomga ishonch yo‘qolishi kabi jiddiy to‘siqlar paydo qiladi, deyildi anjumanda.
Shuni inobatga olgan holda, “Yosh ziyokor” nodavlat ta’lim tashkilotlari uyushmasi tomonidan oliy ta’lim sifatini oshirish, ijobiy raqobat muhitini shakllantirish maqsadida nodavlat OTM reytingini ishlab chiqilgan.
Reyting nimaga asoslangan?
Professor-o‘qituvchilar:
- bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni – guruhlardagi talabalar soni, ixtisosliklar bo‘yicha o‘qituvchilarning mavjudligi;
- chet ellik pedagoglar ulushi – xalqaro tajribaga ega mutaxassislarning mavjudligi va talabalarni xalqaro mehnat bozoriga tayyorlash;
Seleksiya jarayoni:
- kirish shartlari – bir o‘ringa to‘g‘ri keladigan abituriyentlarning soni;
- chet ellik talabalar ulushi – xalqaro oliy ta’lim bozorida tan olinganlik darajasi;
Ixtisoslashish:
- Sirtqi talabalar ulushi – dars soatlarining soni;
- Texnik yo‘nalishlarda talabalar ulushi – aniq fanlar va ilmiy-texnik taraqqiyotga e’tibor;
Inklyuzivlik:
- Talabalar ichida qizlar ulushi – xotin-qizlar uchun sharoitlarning moslashtirilgani hisobiga ularning tanloviga sazovor bo‘lish;
- Viloyatlardan kelib o‘qiyotgan talabalar ulushi – uzoqda istiqomat qiluvchilar tanlovi.
Ma’lumotlar bazasi
Reyting ishlab chiqish metodologiyalarining turli-tumanligi har bir holat uchun ma’lumotlar bazasini topa olish imkoniyatlariga turlicha ekanligidan kelib chiqadi. Jumladan, amaliyotda reyting uchun ma’lumotlar quyidagi manbalarda to‘plangan:
- Mamlakat darajasidagi ma’lumotlar bazalari (O‘zbekiston sharoitida HEMIS);
- Vazirliklar va boshqa davlat idoralarining ma’lumotlar bazalari;
- So‘rovlar va qo‘ng‘iroqlar;
- OTM veb saytlari va boshqalar.
Natijalar:
- Toshkent xalqaro universiteti;
- Samarqand xalqaro texnologiya universiteti;
- British Management University in Tashkent.
Shu bilan birga Zarmed universiteti, Urganch RANCH texnologiya universiteti hamda Ma’mun universiteti reytingning eng quyi pog‘onalaridan o‘rin olgan.
Izoh (1)
Ro’yhatning to’liq shaklini qayerdan topamiz axir u yerda 70 dan ortiq unversitetlar deyilgan ammo faqat 3 ta unversitet nomi keltirilgan! Qolgan ro’yhat qayerda