Buyuk Britaniya hukumati Qirg‘iziston kriptovalyuta tarmoqlariga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda hukumat matbuot xizmati xabar berdi.

Sanksiyalar Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaga qarshi bosimni kuchaytirish maqsadida qabul qilingan. Chunki mazkur kripto tarmoqlar orqali Moskva sanksiyalarni chetlab o‘tayotgani ta’kidlangan.
Rossiya pul mablag‘larini shaffof bo‘lmagan moliyaviy tarmoqlar orqali o‘tkazish uchun Qirg‘iziston moliya sektoriga murojaat qildi. Bu jarayonda kriptovalyutalardan ham foydalanilmoqda, deydi Britaniya hukumati.
Yangi sanksiyalar uch nafar jismoniy shaxs va besh nafar yuridik shaxsga taalluqli bo‘lib, ular orasida A7A5 deb nomlangan infratuzilma ham bor. Bu Rossiya rubliga bog‘langan, biroq Qirg‘izistonda ishga tushirilgan kriptovalyuta hisoblanadi. Atigi 4 oy ichida Rossiyaning buyurtmalari asosida 9,3 milliard dollar miqdoridagi mablag‘ A7A5 orqali o‘tkazilgan.
Agar Kreml bizning sanksiyalarimiz zarbasini yumshatishga bo‘lgan umidsiz urinishlarini shubhali kriptovalyuta tarmoqlari orqali tranzaksiyalarni yuvish yo‘li bilan yashira olaman deb o‘ylasa, qattiq adashadi, dedi Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi o‘rinbosari Stiven Dauti.
Sanksiyalar quyidagi kompaniya va tuzilmalarga nisbatan joriy etildi:
- Qirg‘izistonning Grinex kriptobirjasi;
- Tengricoin kompaniyasi — u Meer Crypto Exchange kriptobirjasini boshqaradi;
- Old Vector kompaniyasi — transchegaraviy to‘lovlar uchun Rossiya rubliga bog‘langan A7A5 kriptovalyutasini ishga tushirgan;
- Lyuksemburgda ro‘yxatdan o‘tgan Altair Holding kompaniyasi — U Rossiyani qo‘llab-quvvatlab, Rossiya moliya sektorida faoliyat yurituvchi tashkilotlarni nazorat qiladi.
Bundan tashqari, qora ro‘yxatga Qirg‘izistonning “Markaziy Osiyo Kapital banki”, uning direktori Kantemir Chalbayev va Qirg‘iziston Savdo kompaniyasi rahbari Janishbek Uulu Nazarbek ham kiritilgan.
Yuqoridagi sanksiyalar e’lon qilingach, Moskva javob chorasi sifatida Britaniyaning bir qator ommaviy axborot vositalari, nodavlat tashkilotlariga konsalting tuzilmalariga qarshi sanksiyalar kiritdi.
Izoh (0)