O‘zbekiston Markaziy banki may oyida 11 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasini qo‘lladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tgan oyidagi yig‘ilishlarda 47 ta masala ko‘rilib, tegishli qarorlar qabul qilingan. Xususan, o‘tgan oyda ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 36 ta masala ko‘rib chiqilgan. Ulardan 2 tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, 2 tasi kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish hamda 2 tasi mikromoliya tashkilotlari faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritish kabilar borasida bo‘lgan.
Kredit tashkilotlarining moliyaviy holati bo‘yicha banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan Markaziy bank talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilingani.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 3 ta bank chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.
Amaldagi qonunchilik va Markaziy bank talablariga rioya qilinmaganligi va aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 11 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanilgan.
Shuningdek, bitta mikromoliya tashkilotida o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvi natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jamiyatning kreditlash operatsiyalarini amalga oshirish faoliyati uch oy muddatga cheklangan.
Aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, tegishli choralarni ko‘rish, o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, yanvar boshlarida Markaziy bank qo‘mitasi O‘zbekistondagi 2 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasini qo‘llagan edi. O‘shanda Markaziy bankning meʼyoriy-huquqiy hujjatlari talablariga rioya qilinishi taʼminlanmagani uchun 1 ta lombardga chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirilgandi.
Izoh (0)