“Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining Subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi bitimiga (ASCM) muvofiqlashtirish maqsadida 2024-yil 1-oktyabrga qadar:
- eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilayotgan subsidiya va preferensiyalarni, shu jumladan, tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, transport xarajatlarini qisman qoplab berishga oid imtiyozlarni 2025-yil 1-yanvardan bekor qilishni;
- samarasi past bo‘lgan soliq va bojxona imtiyozlarini 2025-yil 1-yanvardan bekor qilishni nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasi hukumatga kiritiladi.
O‘zbekistonga import qilinadigan va ishlab chiqariladigan aksiz solig‘i to‘lanadigan tovarlar uchun aksiz solig‘i stavkalari quyidagi eng oxirgi muddatlargacha bosqichma-bosqich birxillashtiriladi:
- 2026-yil 1-yanvar – tamaki mahsulotlari uchun;
- 2027-yil 1-yanvar – alkogol mahsulotlari va shakar uchun.
Avvalroq “O‘zenergosotish” bilan UzGasTrade’ning gaz va elektroenergiya tashqi savdosi bo‘yicha eksklyuziv huquqlari bekor qilinishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)