Urganch aeroporti Koreyaning Inchon aeroporti bilan sheriklikda boshqarilishi haqida xabar berilgan edi. Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, kompaniya va loyiha rahbarlari bilan suhbatlashdi.
-GLDGTy5d.avif)
Prezident matbuot xizmati xabarida ta’kidlanishicha, Xorazm qadim tarixi va madaniyati bilan turizm jozibadorligiga ega. Hozirgi iqtisodiy ravnaqi tufayli ishbilarmonlik tashriflari ham ko‘paymoqda. Lekin Urganch xalqaro aeroporti aholi va mehmonlar talabiga to‘la javob bermayapti. U soatiga 400 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi, xolos. Bu qatnovlarni ko‘paytirish imkonini bermayapti. Shuning uchun bu aeroportni modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish ko‘zda tutilgan.
Tashrif chog‘ida davlat rahbariga ushbu loyihaning borishi haqida axborot berildi.
Urganch xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha tenderda 8 ta kompaniya orasidan g‘olib bo‘lgan Koreya Respublikasi Inchon International Airport Corporation kompaniyasi prezidenti Inchon xalqaro aeroporti sig‘imi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turishi, servis bo‘yicha yetakchilardan biri ekanini aytdi. Urganch kompaniyaning ikkinchi aeroporti bo‘lishini ta’kidlab, uni yangilash va boshqarish rejalarini ma’lum qildi.
-8Gla_Xwt.avif)

Shavkat Mirziyoyev bunday ilg‘or kompaniya bilan sheriklikdan xursandligini ta’kidlab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikrlarini bildirdi.
“Xorazmda ko‘plab zamonaviy mehmonxonalar, dam olish va savdo markazlari barpo etyapmiz. Kelajakda sayyohlar oqimini 5 millionga yetkazishni maqsad qilganmiz. Buni aeroport bilan hamohang qilsak, o‘zaro manfaatli bo‘ladi, daromad ko‘payadi”, dedi prezident.
Xorijiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda samolyotlar olib kelib, tashuvlarni ko‘paytirish bo‘yicha fikr almashildi. Ushbu sheriklikdan foydalanib, servis bo‘yicha Koreya tajribasini o‘rganish, mutaxassislarimizni o‘qitish va malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Loyihaning umumiy qiymati 223 million AQSH dollari bo‘lib, uning doirasida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yo‘lovchi va yuk terminallari qurish, ICAO talablariga javob beruvchi yoritish-signal qurilmalari o‘rnatish, maxsus texnikalar xarid qilish ko‘zda tutilgan.
Qurilish-rekonstruksiya ishlari 2025—2027-yillar davomida amalga oshiriladi. Bularning natijasida aeroport Boeing 747 va Airbus 350 kabi yirik havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi. Aerovokzalning umumiy maydoni 39 ming kvadrat metrga yetib, soatiga 1 ming 300 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvati yaratiladi.
Bo‘lajak yangi terminal loyihasi ham taqdimot qilindi. Prezident uning ichki va tashqi qiyofasida milliy ruhni aks ettirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
-dagd7ld6.avif)
Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifidan maqsad
Prezident matbuot kotibi bergan ma’lumotga ko‘ra, tashrif dasturidan sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida ishga tushirilgan yangi obyektlar, yirik transport infratuzilmasi va shaharsozlik loyihalari bilan tanishish va boshqa tadbirlar o‘rin olgan. Shuningdek, davlat rahbari hududni kompleks rivojlantirish bo‘yicha vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazadi.
Shavkat Mirziyoyev tashrif davomida jurnalistlar bilan bo‘lgan muloqotda Xorazmga tashrifdan maqsad yangi marralarni belgilab, iqtisodiyot ko‘rsatkichlarini yanada oshirish, viloyatda yashayotgan 2 milliondan ziyod aholining sharoitini yaxshilash, ish o‘rinlari ochib, odamlarning daromadini ko‘paytirish ekanini aytdi.
Izoh (0)