Dunyoning turli kosmodromlaridan 29-30-aprel kunlari oralig‘ida atigi 17,5 soat ichida oltita orbital uchirish amalga oshirildi. Ushbu ko‘rsatkich kunlik raketa uchirishlar soni bo‘yicha maksimal natijadan ikki baravar yuqori. Bu haqda “Space.com” xabar bermoqda.

Uchirilgan raketalar missiyalarining aksariyati sun’iy yo‘ldosh internet tarmoqlarini joylashtirish bilan bog‘liq.
Xususan, 29-aprel kuni Xitoy Xaynan orolida joylashgan Venchan kosmodromidan Long March 5B raketasini uchirdi. Raketa Guovang keng polosali aloqaning katta sun’iy yo‘ldosh tarmog‘ini yaratish uchun mo‘ljallangan sun’iy yo‘ldoshlar guruhini past Yer orbitasiga olib chiqdi.
32 daqiqadan so‘ng Kaliforniyadagi Vandenberg kosmik kuchlari bazasidan SpaceX Falcon 9 raketasi uchirildi. U 27 ta Starlink internet sun’iy yo‘ldoshini past Yer orbitasiga yetkazdi.
Keyin, Sharqiy vaqt bilan soat 19:01 da United Launch Alliance kompaniyasining Atlas V raketa tashuvchisi Florida shtatidagi Kanaveral burnidagi kosmik kuchlar bazasidan Amazon kompaniyasining Project Kuiper keng polosali aloqa mega yulduzi uchun dastlabki 27 ta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga olib chiqdi. 3,5 soatdan so‘ng NASAning Kennedi kosmik markazidan yana bir Falcon 9 raketasi uchirilib, orbitaga 23 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshi yetkazildi.

30-aprel, chorshanba kuni ertalab yana ikkita uchirish amalga oshirildi. Ularning hech biri orbitaga internet sun’iy yo‘ldoshlarini olib chiqmadi.
Fransiya Gvianasidagi Kuru kosmodromidan sharqiy vaqt bilan soat 5:15 da Arianespace kompaniyasining Vega-C raketasi uchirildi. U Yevropa kosmik agentligining Biomass sun’iy yo‘ldoshini past Yer orbitasiga olib chiqdi. Ushbu apparat o‘rmonlarning holatini kuzatib boradi. Vega-C uchun bu atigi to‘rtinchi va 2022-yil dekabr oyidagi muvaffaqiyatsiz parvozdan keyingi ikkinchi uchirish edi.
Shu kuni ertalab Firefly Aerospace kompaniyasi Vandenberg kosmodromidan Alpha raketasini oltinchi marta uchirdi. Raketa Lockheed Martin texnologiyalarining namoyishi sun’iy yo‘ldoshini olib borgan. Biroq, birinchi va ikkinchi bosqichlarni ajratish paytida nosozlik yuz berdi va foydali yuk yo‘qolgan.
“Jami 17,5 soat ichida oltita orbital uchirish amalga oshirildi, ulardan beshtasi muvaffaqiyatli yakunlandi. Bu g‘oyat yuqori faollik va ehtimol, bu hali boshlanishi. SpaceX allaqachon haftasiga bir nechta uchirishni amalga oshirmoqda va keng polosali aloqa uchun bir nechta yirik sun’iy yo‘ldosh tarmoqlarini ishlab chiqish davom etmoqda. Shuning uchun raketalarning uchirilishi yanada tez-tez sodir bo‘lishini kutish mumkin”, deya yozmoqda nashr.
Izoh (0)