O‘zbekiston—Qirg‘iziston chegarasidagi ikkita yashirin yerosti yo‘lidan telefon va zargarlik buyumlarini olib o‘tganlarga nisbatan jazo tayinlandi.

2024-yilning mart oyida Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Xonobod shahar “Alisher Navoiy” MFY hududini Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzoq tumani Bekobod qishlog‘i bilan bog‘lovchi yashirin yerosti tunneli aniqlangan edi. U orqali tovar-moddiy boyliklarni O‘zbekistonga olib kirish va olib chiqish bilan shug‘ullanuvchi uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgandi.
Dastlab, 1986-yilda tug‘ilgan Qirg‘iziston fuqarosi yerosti yo‘li orqali O‘zbekistonga umumiy bahosi 5 milliard 954 million so‘mlik 812 dona mobil telefon vositalarini olib o‘tib, O‘zbekistondan esa qiymati 1 milliard 558 million so‘mga teng bo‘lgan 1 kilogramm 734 gramm nostandart quyma oltin buyumlarni olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, uning Andijon shahri va Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1971, 1979 va 1980-yillarda tug‘ilgan 3 nafar sherigiga tegishli manzillarda mazkur yerosti yo‘lagi orqali olib o‘tilgan 2 milliard 839 million so‘mlik jami 1380 dona mobil telefon apparatlari, 32 dona quloqchinlar, 920 dona adapterlar, 338 dona USB-S kabellar, 40 dona quvvatlagichlar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Yerosti tunneli 18-20 metr chuqurlikda joylashgan bo‘lib, uning kengligi 60-70 santimetrni, balandligi 170-180 santimetrni, uzunligi esa 300-350 metrni tashkil qiladi.
Olib borilgan tergov jarayonlarida ushbu uyushgan jinoiy guruhga 1983-yilda tug‘ilgan Qirg‘iziston fuqarosi rahbarlik qilgani aniqlanib, u tomonidan guruh a’zolari o‘rtasida vazifalar taqsimlangan. Hozirda unga nisbatan ham alohida jinoyat ishi olib borilmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi tomonidan 1986-yilda tug‘ilgan Qirg‘iziston fuqarosi Jinoyat kodeksining 182 (bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) va 223-moddalarida (qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekistonga kirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 6 yilga, 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi esa Jinoyat kodeksining 182-moddasi bilan aybdor deb topilib, ularning har biri 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Sud hukmiga muvofiq, ulardan olingan tovar-moddiy boyliklar hamda Xonobod shahri “Alisher Navoiy” MFYdagi xonadon undagi “yerosti tunneli” ko‘mish yo‘li bilan yo‘q qilinib, davlat foydasiga musodara qilindi.
Bundan tashqari, 1984-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosining Xonobod shahar “Alisher Navoiy” MFYdagi xonadonida aniqlangan ikkinchi yerosti tunneli ham sud hukmiga muvofiq, tegishli tartibda yo‘q qilinib, mazkur uy hamda ashyoviy dalil sifatida olingan tovar-moddiy boyliklar davlat foydasiga musodara qilindi. Qonunbuzarga nisbatan esa 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Tergov jarayonida ushbu yerosti tunnellari orqali Qirg‘izistondan olib o‘tilgan turli rusumdagi mobil telefon apparatlari Andijon va Toshkent shaharlaridagi savdo markazlarida sotuvga chiqarilgani aniqlanib, hozirda mazkur yo‘nalishda tegishli surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)