Urganch shahrida 2011-yil tug‘ilgan voyaga yetmagan qiz tungi klubda raqqosalik qilayotgani aniqlangandi. Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi bunga munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, Urganch shahridagi 8-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 7-sinfida o‘qigan qiz ota-onasining arizasiga ko‘ra 2024-yil 24-noyabrda Xorazm viloyati Bolalar masalalari bo‘yicha Urganch shahar komissiyasining 162-sonli qarori va ushbu qaror asosida 2024-yil 3-dekabrdagi maktab buyrug‘i bilan o‘quvchilar safidan chiqarilgan.
Voyaga yetmagan qiz ota-onasi bilan uzoq muddatga doimiy yashash maqsadida 2024-yil dekabr oyida Sankt Peterburg shahriga amaldagi tartib bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirib chiqib ketgan. 2025-yil fevralida O‘zbekistonga qaytib kelgan, biroq ota-onasi yoki tegishli tashkilotlar tomonidan bu bo‘yicha maktabga xabar berilmagan.
“Ushbu o‘quvchi bugungi kunda viloyatimizdagi hech bir maktab ro‘yxatida qayd qilinmaganini ma’lum qilamiz. Mazkur holat yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganish ishlari davom etmoqda”, deyiladi boshqarma xabarida.
Ayni paytda qiz tegishli tashkilot vakillari tomonidan Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.
Izoh (0)