24-aprel kuni prezident Jo Bayden tomonidan imzolangan Ukraina uchun AQSHning yangi moliyaviy yordam paketi Qo‘shma Shtatlarga yangi sarmoyalarni jalb qilishga yordam beradi. Bu haqda AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Arizona shtatining Sedona shahrida Makkeyn instituti tomonidan o‘tkazilgan forumda so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
“Demak, bu yordam tez orada yetib boradi. Mazkur yordam AQSHga investitsiya hisoblanadi. Biz o‘zimizning mudofaa sanoat bazamizga shu orqali investitsiya kirityapmiz, yangi ish o‘rinlari yaratyapmiz, shu bilan birga, Ukrainaga yordam berish imkoniga ham ega bo‘lyapmiz. Bizning bu harakatimiz har tomonlama foydalidir”, dedi Blinken.
24-aprel kuni Jo Bayden Ukrainaga 61 milliard dollar miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunni olti oylik muhokamadan so‘ng imzoladi. Qonunga ko‘ra, Ukrainaga yordam kredit asosida beriladi. Taxminan 20 milliard dollar AQSH harbiy arsenallarini to‘ldirishga, yana bir qismi esa Ukraina yaqinida joylashgan AQSH harbiylarini moliyalashtirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Kiyevga mustaqil ravishda qurol sotib olish uchun 14 milliard dollar ajratilgan.
Izoh (0)