Yaqinda hukumat tomonidan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risida qaror loyihasi eʼlon qilindi. Shundan so‘ng ushbu qaror jamoatchilikda turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xususan, bir qancha mutaxassislar loyihadagi ayrim qarorlarga eʼtibor qaratib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
“Daryo” ushbu mavzuda O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasi raisi Muxtor Umarov bilan suhbatlashdi.
— Loyihada qanday ijobiy va salbiy takliflar mavjud?
Muxtor Umarov, O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasi raisi:
— Avvalo, yashirin iqtisodiyot nima uchun vujudga kelishi to‘g‘risida to‘xtalsak. Tadbirkorlarda soliq yukining oshib ketishi munosabati bilan uni berkitishni boshlaydi. 2019-yilda soliq to‘lashda katta o‘zgarishlar bo‘lganidan keyin, ko‘plab tadbirkorlar yashirin iqtisoddan shaffoflikka o‘tdi. Buning ortidan soliqlar tushumi bir necha barobarga o‘sgan. Soliqchilarning o‘zi ham buni eʼtirof etadi. Hozir biz tushunamiz, davlat byudjetiga mablag‘ zarur. Lekin biz bu masalaga boshqa tomondan yondashishni taklif qilamiz. Nega tadbirkorlar yashirin iqtisod yo‘lidan yurmoqda? Mana shu savolni o‘rtaga qo‘yib, nodavlat tashkilotlari bilan masalani o‘rganish kerak. Yaʼni soliq idorasi bilan tadbirkorlar kelishib ish ko‘rsin.
Bu yerda asosiy eʼtiborni soliq to‘lovchilarning sifatini oshirishga eʼtibor qaratish lozim. Hozir bozor iqtisodiyotiga o‘tilayotgan bir davrda, tadbirkorlarning ustiga yana bu yuklamani berish to‘g‘ri yechim emas. Bizning taklifimiz: kelinglar, bir o‘tirib, tadbirkorlarni qanday qilib yashirin iqtisodiyotdan olib chiqish yo‘llarini izlaylik. Yangi soliq to‘lovchilar qatlamini yarataylik.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasida yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga olib chiqamiz, deb maqsad qo‘yganmiz. 2023-yil hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 90 milliard dollarga chiqdi. Agar biz tadbirkorlarni maʼmuriy siquvlarga olaversak, ularga zarar yetkazib qo‘yamiz. Eski davrda tadbirkorlar qanday siquvlarga olinganini men juda yaxshi bilaman. Biz u davrga qaytishga mutlaqo qarshimiz, — deydi O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasi raisi.
— Bildirilgan takliflar qanchalar xavotirli?
— Aslida tadbirkorga yashirin iqtisod yuritish yoqmaydi. Chunki tadbirkorga investitsiya kerak. U investitsiya chaqirish uchun yashirin iqtisodiyotini ko‘rsata olmaydi. Tadbirkorlar ham barcha narsalar chet el kompaniyalariga o‘xshab ochiq va shaffof bo‘lishini istaydi. Hozir O‘zbekistondagi tadbirkorlar xalqaro hisobotlar mexanizmiga o‘tishga tayyorlanmoqda. Agar shu tizimga o‘tadigan bo‘lsak, u yerda o‘ziga yarasha talablar mavjud.
Bugungi kunda tadbirkorlarda eng katta muammo bu — moliyalashtirish. Chunki hali tadbirkorlarning gullab yashnashi uchun yetarli sharoit yo‘q. Hozir barcha korxonalarimiz moliyalashtirishga muhtoj. Hamma bir-biri bilan nasiyada savdo qiladi. Agar biz korxonalarimizni pul bilan to‘yintirib, zo‘r rivojlantirib qo‘ysak, ana undan keyin davlat soliqlarni ko‘paytirsa bo‘ladi. O‘zi shundoq ham tadbirkorlarni soliq yuki bilan bir qiynab oldik, gaz va elektr energiyasining narxi oshdi. Agar yana tadbirkorlarni qiynaydigan qaror chiqarilsa, tadbirkorlar juda qiyin holatga tushib qoladi. Avval biz tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlab, ularni rivojlantirib, ana undan keyin sekin-astalik bilan soliq yuklarini qo‘shsak, tadbirkorlarga zarar yetmaydi.
Soliq qo‘mitasi birinchi galda yangi soliq to‘lovchilar qatlamini yaratishga yordam bersin. Eski soliq to‘lovchilar yangi pog‘onaga ko‘tarilsin. Mana shundan keyin soliq yukini oshirsak bo‘ladi. Shunda ham ularga to‘g‘ri tushuntirish zarur. Davlat tadbirkorlarga sizlar to‘laydigan soliq bizning ijtimoiy xarajatlarimiz uchun zarur. To‘lanadigan soliqlar mana bunday narsalarga sarflanadi, deya tushuntirishi lozim. Tadbirkorda ham to‘layotgan soliqlarim to‘g‘ri maqsadda sarflanmoqda ekan, degan tushuncha paydo bo‘lishi kerak”, — dedi Muxtor Umarov.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 30-aprel kuni Savdo-sanoat palatasi “Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi yuzasidan munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, 27-aprel kuni Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi yig‘ilishida muhokama qilingan qaror hozircha tegishli vazirlik va idoralar bilan o‘rnatilgan tartibda kelishish jarayonida bo‘lib turibdi. Qaror loyihasi kengash yig‘ilishida bildirilgan hamda idora va vazirliklar tomonidan berilgan takliflar asosida qayta ko‘rib chiqiladi.
Izoh (0)