Avstraliyaning g‘arbiy hududida yashovchi Lisl Beneke 1 035 dona minion qahramoni aks etgan kolleksiyasi bilan Ginnesning jahon rekordiga sazovor bo‘ldi. Bu haqda UPI xabar berdi.

Minionlar — “Yaxshi bo‘lish osonmi?” (Despicable Me) animatsion filmidagi mashhur sariq qahramonlar hisoblanadi.
Beneke minionlarni ilk bor animatsion filmda ko‘rganidan so‘ng yoqtirib qolganini va taxminan 15 yil avval ularning mahsulotlarini yig‘ishni boshlaganini aytadi.
Ularning yoqimtoy, kapsula shaklidagi ko‘rinishlari meni juda kuldirdi. Ular menda katta taassurot qoldirgandi. Men aslida yuragida bolaligi qolgan kattaman. Shundan beri minionlarni qayerda ko‘rsam, kolleksiyamga qo‘shaman, dedi u Ginnes rekordlari tashkilotiga.
Ginnes tashkiloti Beneke endilikda “Eng katta minionlar kolleksiyasi” rekordiga ega ekanini rasman tasdiqladi.
Qizim menga yana bir uy kerakligini aytadi — faqat minionlar uchun, lekin men ularning yorqin sariq tabassumlari bilan o‘ralib yashashni yaxshi ko‘raman. Ular har bir xonada va bo‘sh devorlarning barchasida joy olgan, dedi Beneke.

Garchi minonlarni qo‘yish uchun joyi tobora kamayib borayotgan bo‘lsa-da, yaqin orada kolleksiya yig‘ishni to‘xtatmoqchi emas.
Menda doimiy ravishda minion izlaydigan do‘stlarim va oilam bor. Ular do‘konga chiqishsa, menga surat yuborib: “Senda bu bormi?” deb so‘rashadi. Agar bo‘lmasa, men uchun sotib olishadi. Ular mening minion xaridorlarim, deydi u.
Do‘stlari va oilasi yordamida Lisl dunyoning turli burchaklaridan — Singapur, Yaponiya, Italiya, AQSH, Portugaliya, Tayvan va Xitoydan minionlar to‘plagan. Hatto “Yaxshi bo‘lish osonmi?” (Despicable Me) bilan maxsus hamkorlikda chiqarilgan to‘rtta Svarovski kristalli minion — kolleksiyaning eng noyob namunalaridan birini ham qo‘lga kiritgan.
Uning aytishicha, oddiy muxlislar minionlarni bir-biridan ajrata olmasligi mumkin, biroq u o‘zining eng sevimlisi borligini ta’kidladi:
“Mening eng sevimli minionim — Styuart. U bir ko‘zli, o‘ziga xos fe’l-atvorli va bir oz sarkazmga moyil. Uni qo‘limga tatuirovka sifatida tushirtirganman. Juda ko‘p odamlar, bolalar tatuirovkani ko‘rib, minionlarga bo‘lgan muhabbatimiz haqida suhbat boshlashadi.”
Ish joyida ham uning minionlarga bo‘lgan sevgisi qo‘llab-quvvatlanadi. Chunki uning kolleksiyasi uyining chegaralaridan chiqib, ish stoliga ham o‘tgan.

Beneke kolleksiyasi hali ham kengayib borayotganini aytadi:
“Men hech qachon minionlar sotib olishni to‘xtatmayman. Har safar ularni oilamga olib kelishga shoshilaman. Qizim yetarli deb o‘ylaydi, lekin men ularni har qachongidan ham ko‘proq yaxshi ko‘raman.”
Izoh (0)