Navoiy viloyatining Konimex tumanida O‘zbekistonda ilk marotaba yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi qo‘llanmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Uzoq yillar davomida tumanda yog‘ingarchilikning kamligi, qurg‘oqchilik va suv tanqisligi chorvachilikning rivojlanishiga jiddiy to‘siq bo‘lib kelayotgan edi. Mazkur muammoni hal etish maqsadida tuman hokimi Ruslan Ruzayev tashabbusi bilan birinchi bor tumanga yog‘ingarchilikni sun’iy ravishda yuzaga keltiruvchi zamonaviy apparat olib kelindi.
Ushbu apparat orqali atmosferadagi tabiiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatib, bulut hosil qilish va yomg‘ir yog‘dirish imkoni yaratiladi.
Viloyat hokimligi bergan ma’lumotga ko‘ra, ushbu innovatsion loyiha Qozog‘istonning International centre of climate change technologies kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Yaylovlarda yomg‘ir yog‘dirish innovatsiyasini qo‘llash orqali Konimexning cho‘l hududlarida chorvachilikni rivojlantirish maqsad qilingan. Mazkur texnologiya tumanda qurg‘oqchilikka qarshi kurashishda keng qo‘llaniladi.
2024-yilda “O‘zbekkosmos” Buxoro va Navoiyda 35 gektardagi qum va shamolni ushlab qoluvchi cho‘l o‘simliklari qoplamasi yo‘qolib ketganini aniqlagandi. Shu munosabat bilan prezident mutasaddilarga ishchi guruhi tuzib, ushbu 2 ta viloyatning cho‘l va yarim cho‘l hududlarida “yashil” maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqishni topshirgandi.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasining Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishi bo‘yicha 2025-yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasida bulutlardan sun’iy yog‘in yog‘dirish usullari va texnologiyalarini o‘rganish hamda texnologiyani kelgusida O‘zbekistonda mahalliylashtirish masalasini ko‘rib chiqish belgilangan.
2025-yil avgustgacha ishchi guruhni shakllantirish, uslub va texnologiyalarni o‘rganish, metodlarni aniqlash va samaradorligini baholash, mazkur texnologiyani mahalliylashtirish imkoniyatlarini tahlil qilish rejalashtirilgandi. 2025-yil sentyabrda loyihani amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, oktyabr oyida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)