Qonunchilik palatasining bugun bo‘lib o‘tgan majlisida bir guruh deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan Mehnat kodeksiga xususiy sektor uchun belgilangan ijtimoiy majburiyatlarni erkinlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutuvchi qonun loyihasi to‘rtta fraksiya a’zolarining yoppasiga bergan qarshi ovozi sababli tashabbuskorlarga qaytarildi.
Kecha Qonunchilik palatasining telegramdagi rasmiy sahifasida bir guruh deputatlar tashabbusi bilan xususiy sektorda ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgani va fraksiyalar muhokasiga kiritilgani xabar qilindi. Shundan so‘ng, palataning hamda siyosiy partiyalarning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida birin-ketin fraksiyalarning qonun loyihasini muhokama qilingani-yu, uni tashabbuskorga qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qilgani bilan bog‘liq xabarlar berilgan edi.
Yalpi majlisda ushbu qonun loyihasi yuzasidan dastlab O‘zLiDep fraksiyasi a’zosi, loyiha tashabbuskorlaridan biri Abdumannop Buriyevning ma’ruzasi eshitilgandan so‘ng, muhokamalar qismiga o‘tildi.
Birinchilardan bo‘lib so‘z olgan, XDP fraksiyasi a’zosi F.Sharipov ishchi-xodimlarni har tomonlama kuchli ijtimoiy himoya qilish XDP partiyasining o‘z oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalardan biri ekanligi, elektorati manfaatidan kelib chiqishini ta’kidlab, tashabbuskor deputatlarga savol bilan yuzlandi.
— Mehnat kodeksining 164-moddasiga taklif etilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra endilikda xodimni ishdan bo‘shatishda tadbirkorlar tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasini roziligini olish emas, balki, uni xabardor qilish tartibi kiritilmoqda. Ushbu o‘zgartirish xodimlarning huquq va manfaatlariga zid emasmi? Ertaga tadbirkorlar tomonidan istalgan xodimini ishdan bo‘shatishga olib kelmaydimi?, - dedi u.
Ma’ruzachi deputat Abdumannop Buriyev hamkasbining yuqoridagi savoliga javob berar ekan, kasaba uyushmasi qo‘mitasi roziligi o‘rniga xabardor qilish tartibiga o‘tishda Kasaba uyushmasining roli saqlanib qolinayotganini bildirdi. Ya’ni, kasaba uyushmasi 10 kun ichida xabarnomaga e’tiroz bildirsa, mehnat shartnomasi bekor qilinmaydi. Ushbu o‘zgartirishdan ko‘zlanayotgan maqsad, kichik biznes sub’yektlari bo‘lgan ish beruvchilar tomonidan ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishda byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, deb tushuntirish berdi.
XDP fraksiyasining yana bir a’zosi Shokirjon Axmedov ham fraksiyadoshining munosabatini qo‘llab-quvvatlab, qonun loyihasini fraksiyaga qaytarish, tegishli tashkilotlar bilan qayta ishlagan holda kiritish taklifini ilgari surdi.
“Adolat” fraksiyasi a’zosi Bekzod To‘xtamurodov esa, qonun loyihasidagi o‘zgartirishlarda ikki tomonlama munosabatlarda ko‘proq ish beruvchilarga, ya’ni, tadbirkorlarga yon bosilayotgandek tuyulayotganini qayd etib, fraksiya tomonidan bildirilayotgan e’tirozlarning asosli ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlariga yuklatilgan asosiy ijtimoiy majburiyatlarning bekor qilinishini fraksiya noto‘g‘ri deb hisoblashini, bunda xodimning ijtimoiy himoya masalasi ochiq qolayotgani, buning natijasida jiddiy muammolar kelib chiqishi mumkinligini bildirdi. U “Adolat” partiyasi fraksiyasi qonun loyihasini bu shaklda ma’qullamasligini, loyihada xodimlarni ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq muqobil yechimlar berish zarurligini bildirdi.
Shundan so‘ng, raislik qiluvchi tomonidan ushbu qonun loyihasi tashabbuskorlarining fikrlari so‘raldi.
Qonun tashabuskorlaridan biri deputat Shuxrat Sharafutdinov loyihani ishlab chiqishda eng avvalo, tadbirkorlar faoliyatidagi ortiqcha yuklama, majburiyatlar va byuroratik to‘siqlarni olib tashlash orqali ular faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsad qilinganini bildirib o‘tdi.
— Agar statistik ma’lumotlarga qaraydigan bo‘lsak, iqtisodiyotda norasmiy sektorda band bo‘lganlar ulushi ko‘p, 2024 yil holatiga 38%ni tashkil etmoqda. Qonunchilikda tadbirkorlarga bu kabi yengilliklar berish, ular faoliyatini yanada rivojlantirish va o‘z navbatida yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, xodimlar ijtimoiy himoyasi ta’minlanishida muhim, dedi deputat. Va deputatlardan qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlab berishlarini so‘radi.
Yana bir adolatchi deputat Shuhrat Yakubov qonun loyihasidagi 168-moddaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bo‘yicha e’tirozlarini bildirdi. Unga ko‘ra, mehnat shartnomasi amaldagi Mehnat kodeksiga ko‘ra, tibbiy xulosaga muvofiq, mehnat faoliyatiga to‘liq qobiliyatsiz deb e’tirof etilgandagina bekor qilinadi. Tashabuskorlar tomonidan esa, olti oydan ortiq uzluksiz to‘liq mehnatga layoqatsiz holati ham ishdan bo‘shatishga sabab bo‘lishi kiritilmoqda. Deputatning “ayni vaqtda respublikamizda xodimlarning yurak qon-tomir yoki onkologik kasallik bilan kurashayotgan holatlari ham bor.
Bu holatlar ertaga odamlarning noroziligiga sabab bo‘lmaydimi?”, — degan savoliga yana bir tashabbuskor deputat Ruslan Sobirov javob berdi.
Uning fikricha, taklif etilayotgan o‘zgarishlar natijasida xodimni uzoq muddat davolanish vaqtidagi to‘lovlarni amalga oshirishi, xodimning belgilangan tartibda berilgan tibbiy xulosaga muvofiq mehnat faoliyatiga to‘liq qobiliyatsiz deb e’tirof etilishidagi sansalorliklar, xususan, unga boshqa ish taklif qilish, tibbiy xulosa olish bilan bog‘liq muammolarga yechim topiladi.
Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi J.Abdullayev loyihaga kiritish taklif etilayotgan mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilishda xodim o‘zi bergan arizani ish beruvchini roziligi bilan qaytarib olishi bilan bog‘liq norma yuzasidan e’tirozlarini bildirdi. — Sizlar taklif etayotgan norma bo‘yicha ish beruvchi norozi bo‘lsa xodim ishsiz qoladimi”, — dedi deputat.
Javlon Abdullayevning savoliga qonun loyihasining yana bir tashabbuskori Sevara Abdullayeva ushbu moddaga kiritilayotgan tahrirda xodimning huquqi cheklanmayotgani, aksincha, mehnat munosabatlaridagi har ikki tarafning ham manfaatlari inobatga olinmoqda, deb tushuntirish berdi.
“Milliy tiklanish” fraksiyasi a’zosi Sh.Joldasova amaldagi Mehnat kodeksida 18 yoshgacha bo‘lgan xodim bilan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinganda, mahalliy mehnat organi roziligi talab etilishi, tashabbuskorlar tomonidan taqdim etilayotgan tahrirda rozilik olish o‘rniga xabardor qilish tartibiga o‘tilayotgani, yoshlar o‘rtasida ishsizlikning ko‘payib ketishiga sabab bo‘ladi, deya fikr bildirgan bo‘lsa, deputat Abdumannob Bo‘riyev voyaga yetmaganlarni ishdan bo‘shatish uchun mahalliy mehnat organining majburiy roziligi to‘g‘risidagi qoida korrupsiyaviy elementlarni o‘z ichiga olishi va byurokratik to‘siq bo‘ladi deb, javob berdi.
Savol-javoblar, keskin munosabatlardan so‘ng XDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov qonun loyihasi bo‘yicha munosabatini bildirib o‘tdi.
— Biz muhokama qilayotgan qonun loyihasi “ijtimoiy adolat”, “ijtimoiy tenglik” prinsiplariga zid. Chunki bu qonun loyihasi bilan xususiy sektorni ijtimoiy majburiyatlardan ozod qilyapmiz. O‘zbekiston XDP fraksiyasi ushbu qonun loyihasini bunday tarzda qabul qilinishiga qarshi. XDP fraksiyasi qonun loyihasini tashabbuskorlarga qaytarish taklifini ilgari suradi va boshqa deputatlarni ham bunga chaqirib qoladi.
Inoyatovning qat’iy pozisiyasidan so‘ng so‘z olgan “Milliy tiklanish” fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov qonun loyihasi yetarlicha muhokama qilingani aytib, muhokamalarni to‘xtatish hamda ovozga qo‘yish taklifini bildirdi.
Majlisda so‘z olgan O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitovning ta’kidlashicha, qonun loyihasida qulay biznes muhitini shakllantirish, tadbirkorlarni mehnat munosabatlaridagi ijtimoiy majburiyatini qisqartirish kabi muhim vazifalar mujassam.
Ko‘tarilgan masalalar ish beruvchining manfaatlariga ustuvorlik berayotgandek tuyulsada, aslida bu ishchi-xodimlarni, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ko‘proq yangi ish o‘rinlari yaratish va mehnat bozorida ishchilarni samarali himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Shundan kelib chiqib, fraksiya rahbari qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlab berishni so‘radi.
Shundan so‘ng, ovozga qo‘yilgan qonun loyihasi 71 ta qarshi ovoz bilan rad etildi.
Nima ham deymiz. Liberallarning tadbirkorlar manfaatlaridan kelib chiqib, ilgari surgan g‘oyasi, sosial demokratlarning elektorati manfaatiga to‘g‘ri kelmadi. Bu esa, qonun loyihasining rad etilishi bilan tugadi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, siyosiy partiyalar fraksiyalarining parlamentda jonlanganini, o‘z pozisiyalarini dadil bildira boshlaganining guvohi bo‘lyapmiz.
Bu yaxshi, albatta. Partiyalarimiz saylov jarayonlarida elektoratiga bergan va’dalarini, saylovoldi dasturlarini oqlashga, bajarishga qattiq kirishgandek, nazarimizda.
Parlamentdagi jarayonlar qizg‘in tus olmoqda. Parlamentda mutlaq ko‘pchilik o‘rin bilan yetakchilik qilayotgan liberallarning keyingi qadamlari qanday bo‘ladi. Buni esa vaqt ko‘rsatadi.
Izoh (0)