Joriy yil 1-choragida mamlakatda tug‘ilganlar soni o‘tgan yil mos davridagidan 7,6 ming nafarga kam bo‘ldi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi maʼlum qildi.

2025-yilning 1-aprel holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 37,7 million kishiga yetdi. Bu 2024-yil mos davridagidan 734,5 ming kishiga (2 foiz) ko‘p.
Ammo mamlakatda tug‘ilishlar soni kamayish trendiga o‘tgan. Jumladan, shu yilning yanvar—mart oylarida 198,1 ming chaqaloq tug‘ilgan. Taqqoslash uchun 2022-yil mos davrida 203,6 ming, 2023-yil ilk choragida 215 ming, 2024-yil yilning dastlabki uch oyida 205,7 ming nafar bola dunyoga kelgan.
Eng ko‘p aholi yashaydigan hududlar Samarqand (4,3 million kishi) va Farg‘ona (4,1 million kishi) bo‘lib qolyapti. Eng kam aholi soni Sirdaryo (934,5 ming kishi) hamda Navoiy (1,1 million kishi) qayd etilgan.

Respublikada vafot etganlar soni ham oshib bormoqda. Xususan, joriy yil yanvar—mart oylarida mamlakatda 41,4 ming kishi vafot etgan. 2024-yil 1-chorakda 40,2 ming, 2023-yilning ilk uch oyida 39 ming kishi olamdan o‘tgandi.
Joriy yil 1-chorakda respublikada 43,8 mingta nikoh, 11,5 mingta nikohdan ajralish qayd etildi. O‘tgan yil mos davrida tuzilgan nikohlar 48,6 mingtani tashkil etgan, ajrashishlar esa 11,5 mingta bo‘lgan.
Avvalroq 2024-yilda O‘zbekistonda 926,4 ming nafar bola tug‘ilgani, bu nafaqat 2023-yildagi, balki 2022-yil ko‘rsatkichidan ham pastligi xabar qilingan.
Izoh (0)