Global Finance jurnali dunyoning eng qashshoq davlatlari reytingini e’lon qildi. Tojikiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchilikni qo‘lga kiritdi.
Dunyoning eng qashshoq mamlakatlari fuqarolar urushi, etnik va dinlararo nizolardan aziyat chekmoqda. COVID-19, o‘sib borayotgan inflyatsiya va Ukrainadagi urush ularning ahvolini yanada yomonlashtirgan.
Qashshoq mamlakatlarni aniqlashda aholi jon boshiga YaIM ko‘pincha mezon sifatida qo‘llanilsa-da, xarid qobiliyati paritetidan (PPP) foydalanish har bir mamlakatda jismoniy shaxsning xarid qobiliyatini aniqroq baholash imkonini beradi. PPP valyuta kurslari va inflyatsiyadagi farqlardan qat’iy nazar, turli mamlakatlarning ko‘rsatkichlarini yagona valyutada solishtirishga xizmat qiladi.
“Uzoq muddatli qashshoqlikning yagona sababini aniqlash qiyin. Korrupsiyalashgan hukumat badavlat mamlakatni kambag‘al davlatga aylantirishi mumkin”, — deydi reytingni tuzgan jurnalistlar.
Reytingga ko‘ra, O‘zbekiston 190 ta o‘rin ichida 67-o‘rinni egallagan. YAIM ko‘rsatkichi yiliga kishi boshiga 10,9 ming dollarni tashkil etgan. O‘rin qanchalik baland bo‘lsa, mamlakat shunchalik qashshoqroq bo‘ladi. Markaziy Osiyo davlatlari orasida Tojikiston 43-o‘rin (5,8 ming dollar), Qirg‘iziston 48-o‘rin (6,8 ming dollar), Turkmaniston 101-o‘rin (19,7 ming dollar), Qozog’iston 128-o‘rinni (34,5 ming dollar) qayd etgan.
Dunyodagi eng qashshoq davlatlar qatoriga Janubiy Sudan (455 dollar), Burundi (916 dollar) va Markaziy Afrika Respublikasi (1132 dollar) kirgan.
“Dunyoning eng qashshoq mamlakatlarida biznes yuritish va ishchilarni ish bilan ta’minlash uchun ijtimoiy himoya tizimi yoki vaqtinchalik kreditlar yo‘q edi”, — deyiladi xabarda.
Jahon banki prognozlariga ko‘ra, past va o‘rta daromadli mamlakatlarda talabalarning hozirgi avlodi kelajakdagi o‘rtacha yillik daromadining 10 foizigacha yo‘qotishi mumkin.
“Dunyodagi eng boy 10 ta davlatda aholi jon boshiga o‘rtacha yillik xarid qobiliyati 110 000 dollardan oshadi, 10 ta eng kambag‘alida esa 1500 dollardan kam. Yomon jihati shuki, qashshoqlik ko‘pincha qashshoqlikni kuchaytirishi mumkin”, — deya xulosa qiladi reyting tuzuvchilar.
Izoh (0)