O‘zbekistonda norasmiy bandlikka yo‘l qo‘ygan ish beruvchilarga nisbatan javobgarlik kuchaytiriladi. Bu haqda “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmonida belgilandi.

Unga ko‘ra, bunday qoidabuzarlik birinchi marta sodir etilganda BHMning 30 baravari (12,36 mln so‘m), takroran sodir etilganda esa BHMning 100 baravari (41,2 mln so‘m) miqdorida jarima belgilanadi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Adliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasiga avgust oyida qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
2026-yildan boshlab norasmiy bandlik bo‘yicha qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan qurilish tashkilotlarining “Shaffof qurilish” onlayn platformasidagi reyting ballari kamaytiriladi. Masʼul idoralar etib Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Raqamli texnologiyalar hamda Bandlik vazirligi belgilandi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2025-yilning mart oyi boshlarida mehnat shartnomasini tuzmagan ish beruvchilarni jarimaga tortishni taklif qilgandi. Ya’ni qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks fuqarolarni qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat shartnomasi tuzmasdan mehnatga jalb qilganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 49-5-modda bilan to‘ldirish taklif qilingan.
Unda fuqarolar bilan mehnat shartnomasini qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtirmaslik yoxud mehnat shartnomasi tuzmasdan ishga jalb qilish fuqarolarga BHMning 10 baravari miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — 30 baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘lishini belgilash rejalashtirilgan.
Izoh (0)